Bahouddin Naqshbandning tasavvufiy ta’limoti va uning bugungi ma’naviy hayotdagi ahamiyati

Mo‘minova Mehriniso Habibjon qizi –Bahouddin

Naqshband ilmiy- tadqiqot markazi ilmi xodimi.

                                                               Ochilova Komila –Bahouddin  Naqshband ilmiy-        

                                                                   tadqiqot markazi ilmi xodimi

Annotatsiya: Mazkur maqolada yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar zamiridagi qadriyatlar tahlil etilib, Bahouddin Naqshband hazratlarining tasavvufiy ta’limoti va uning bugungi kundagi ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, Naqshbandiya tariqatining asosiy tamoyillari, ta’rixiy manbalari hamda zamonaviy jamiyatda tutgan o‘rni ilmiy tahlil qilingan. Maqolada Xoja Bahouddin Naqshbandning hayot yo‘li, sufiylikdagi o‘rni va ma’naviy merosi keng yoritilib, uning ta’limotini ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganish zaruriyati asoslab berilgan.

Kalit so‘zlar: Bahouddin Naqshband, tasavvuf, Naqshbandiya tariqati, ma’naviy meros, shariat, zikr, vijdon erkinligi, islohot, murshid, sunnat, sufiy, ma’rifat.

Annotation: This article analyzes the values underlying the spiritual and educational reforms being carried out in our country. It explores the Sufi teachings of Khoja Bahauddin Naqshband and their relevance in today’s world. The article also presents a scholarly analysis of the main principles of the Naqshbandi order, its historical sources, and its role in modern society. It provides a detailed overview of the life path of Khoja Bahauddin Naqshband, his position in Sufism, and his spiritual legacy. The necessity of studying his teachings from both scientific and practical perspectives is substantiated.

Keywords: Bahauddin Naqshband, Sufism, Naqshbandi order, spiritual heritage, Sharia, dhikr, freedom of conscience, reform, murshid, Sunnah, Sufi, ma’rifa (gnosis).

Аннотация: В данной статье проанализированы ценности, лежащие в основе духовно-просветительских реформ, осуществляемых в нашей стране. Освещено суфийское учение Ходжи Бахоуддина Накшбанда и его актуальность в современную эпоху. Также проведён научный анализ основных принципов тариката Накшбандия, его исторических источников и роли в современном обществе. В статье подробно изложены жизненный путь Ходжи Бахоуддина Накшбанда, его место в суфизме и духовное наследие. Обоснована необходимость научного и практического изучения его учения.

Ключевые слова: Бахоуддин Накшбанд, тасаввуф (суфизм), тарикат Накшбандия, духовное наследие, шариат, зикр, свобода совести, реформы, муршид, сунна, суфий, маърифат (познание истины).

Istiqlol milliy va diniy qadriyatlarimiz tiklanishiga keng imkoniyatlar yaratdi. Din milliy ma’naviyatni shakllantirishga bevosita ta’sir qiluvchi mezonlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda. Bu diniy va dunyoviy ilmlar o‘rtasidagi nozik munosabatlarning mohiyatini har tomonlama to‘g‘ri tushunti­rib berish, dinlar haqidagi mantiqiy asoslangan bilimlarni shakllantirish va dunyoviylik tushunchasini chuqurlashtirib borishni taqozo etadi. Tasavvuf ilmini nazariy va amaliy jihatdan boyitgan buyuk mutafakkirlarning fikrlari, ularning jamiyat hayotida faol qatnashgan yetuk tarixiy shaxslar sifatidagi diniy, ma’naviy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy qarashlarining asl mohiyati va ahamiyatini yoritib berish, albatta, hozirgi davr uchun ham nihoyatda muhimdir.

            Yurtimizdagi ma’naviy merosni tiklash, tasavvuf ta’limotining ilm-fan asosida o‘rganilishiga zamin yaratish maqsadida, 2025 yil 21 aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-68-son[1] Farmoni asosida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Tasavvuf tarixidaBahouddin Naqshband (asl ismi Muhammad ibn Muhammad Bahouddin an-Naqshband al-Buxoriy, xalq orasida Bahouddin yoki Xoja Bahouddin, Balogardon yoki Shohi Naqshband nomlari bilan ham mashhur) (1318-Buxoro viloyati, hozirgi Kogon tumani – 1389 yil)[2] muhim o‘rin tutadi.

Hoja Bahouddin  Shayx Sammosiy va Amir Kulol rahmatullohi alayhimodan ruhiy tarbiya olganlar. Shu bilan birga, shariat ulamolari va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari bo‘yicha olimlar suhbatlarida doimiy ravishda ishtirok etar edilar. U kishi ikki marta haj ziyoratini ado etganlar va Fors hamda uning atrofidagi ko‘plab Islom yurtlariga safarlar qilganlar.

Hazrati Bahouddin rahmatullohi alayh umrlari bo‘yi o‘z muridlarini sunnati Muhammadiya yo‘lida tarbiyalab o‘tdilar. U kishining qo‘llarida o‘n minglab muridlar kamol topdi. Shox Naqshband rahmatullohi alayhning tariqatlari hozirgi kunda ham dunyoning ko‘plab yurtlarida keng tarqalgandir.

Shayx Abdulloh Dehlaviy naqshbandiya tariqati haqida quyidagilarni yozadi:

«Bu tariqat Haq taoloning huzurida doimiy hozirlikdir, Islom aqiydasini, Ahli sunna val jamoa aqiydasini mustahkamlashdir va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga ergashishdir»[3].

Ulamolar Muhammad Murod O‘zbakiyning naqshbandiya tariqati haqida aytgan quyidagi gaplarini rivoyat qiladilar: «U sahobai kiromlarning asl holicha, ziyoda ham, nuqson ham bo‘lmay qolgan tariqatidir. U botinda ham, zohirda ham barcha harakat va sakanotlarda sunnatga va aziymatga komili iltizom qilgan, bid’at va ruxsatdan batamom chetda bo‘lgan holda ibodatda bardavom bo‘lishdan iboratdir».

Shayx Amin Alouddin Naqshbandiy o‘zining «Naqshbandiya tariqati nedir?» nomli kitobida quyidagilarni yozadi: «Muhaqqiq ulamolar naqshbandiya tariqati haqida quyidagilarni ta’kidlaydilar: naqshbandiya tasavvufi o‘rtacha va mo‘tadildir. U sulukdagi mo‘tadilligi, shariatga ergashishi, tariqatining osonligi bilan ajralib turadi. U xususan din ulamolari ichida keng tarqalgan. Naqshbandiy so‘fiyning qalbi Alloh bilan, jismi banda bilan.

Bu tariqatdagi nazarni o‘ziga tortadigan eng muhim narsa – sokinlik, ya’ni uning riyodan holi bo‘lmaydigan baqiriq-chaqiriq, tarannum va tinglashlardan uzoqdaligidir.

Naqshbandiya tariqatidagi zokir namozdan keyin pok holida qiblaga qarab o‘tirib olib, tilini tanglayiga tekkizib, qalbi til harakati ila birlashib, Allohni zikr qiladi».

Naqshbandiya tariqati mo‘tadilligi, osonligi va sunnatga ergashishdan iborat bo‘lgani uchun ko‘pchilik, xususan din olimlari ichida keng tarqalgandir. Naqshbandiy so‘fiyning qalbi Alloh taolo uchun, jismi haloyiq uchundir. Bu tariqat eng avval shariatga ergashishga ahamiyat beradi. Keyin zikrda, fikrda, bandalikda, ixlosda, boshqalarni o‘zidan ustun qo‘yishda va o‘zini inkor qilishda bardavom bo‘lishni targ‘ib qiladi.

Naqshbandiya tariqatida o‘n bir asosga ega bo‘lgan dastur bo‘lib, ulardan sakkiztasini hoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy va uchtasini hoja Bahouddin Naqshband rahmatullohi alayh yo‘lga qo‘yganlar. Sayri sulukka kirgan har bir kishiga bu dasturni

bilish juda ham zarur.

  1. Xush dar dam.

«Xush» so‘zi «aql-hush», «hushyorlik» ma’nolarini, «dam» so‘zi «nafas» ma’nosini bildiradi. Bu shiorda har bir olingan va chiqarilgan nafasda hushyor bo‘lish, Alloh taoloni esdan chiqarmaslik ma’nosi o‘z aksini topgan. Ya’ni sufiy har nafasida Alloh taoloni yod etib turishi, hayoli dunyoviy ishlarga sochilib ketmasligi kerak. Solik har bir nafasni olish va chiqarishda Haq subhanahu va taolo bilan birga bo‘lishi lozim.

  1. Nazar bar qadam.

«Qadamga nazar solish». Bu shiorga binoan, so‘fiyga yurganida doimo oyog‘ining uchiga nazar solib yurish tavsiya qilinadi. Ya’ni turli harom narsalarga nazari tushishining oldini olish lozim. Shunda solikning hayoli sochilmaydi, aqli va fikri Alloh taolo bilan bo‘ladi va dunyoning jamoli hamda matohi bilan bog‘lanib qolmaydi.

Imomi Robboniy rahmatullohi alayh va boshqa ba’zi naqshbandiy mashoyixlar «Nazar bar qadam»ning ma’nosi haqida: «Nazar bar qadam» – sayri sulukdagi hollardan biri bo‘lib, solikning bir maqomdan ikkinchi maqomga o‘tishda qalb ko‘zi bilan o‘sha maqomga nazar solishidir», deydilar.

  1. Safar dar vatan.

«Vatanda safar qilish». Bu shiorda har odimda asliga va Haqqa safar qilish ma’nosi bo‘lishi kerakligi ilgari surilgan. Naqshbandiylar ta’limotida safarning uch xil ma’nosi bor:

 Birinchi ma’no: yer yuzida ibrat uchun safar qilish. Yer yuzida safar qilish maxluqotlarga nazar solish ila tushunchani kengaytiradi va ibrat olishga sabab bo‘ladi. Shu bilan birga, bandaning nazar orqali Alloh taoloning buyukligini anglab yetishiga yordam beradi.

Ikkinchi ma’no: yetuk murshidni axtarib, safar qilish. Bu borada ko‘pchilik mashoyihlar o‘zlariga yetuk murshid axtarib, diyorlarni

kezganlari misol qilib keltiriladi.

Uchinchi ma’no: solikning bashariy sifatdan malakiy sifatga va yomon sifatda yaxshi sifatga safar qilishidir. Maxluqotla olamidan Haq subhanahu va taolo tomon safar qilishdir.

  1. Xilvat dar anjuman.

«Anjumanda xilvat qilish». Bu shiorda so‘fiyning o‘zi xalq ichida turgan bo‘lsa ham, Haq bilan holi bo‘lish malakasiga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Ya’ni tashida xalq bilan bo‘lsa ham, ichida Haq bilan bo‘ladi. Alloh taolo Nur surasida marhamat qiladi:

«…bir kishilarki, ularni tijorat ham, oldi-sotdi ham Allohning zikridan, namozni to‘kis ado etishdan va zakot berishdan mashg‘ul qila olmas. Ular qalblar va ko‘zlar iztirobga tushadigan Kundan qo‘rqarlar» (37-oyat).

Bu oyatda Allohning nurini idrok etishga va uning fayzidan bahramand bo‘lishga haqli kishilarning sifatlari keltirilmoqda. Alloh taolo ne’matini, nurini ko‘ringanga ato qilavermaydi, albatta. Balki ma’lum sifatlarga ega bo‘lgan zotlargagina ato etadi. Ana o‘sha insonlarning sifatlaridan biri Alloh taoloni ertayu kech poklab yod etish tasbeh aytish bo‘lsa, yana bir sifati tijoratga ham, oldi-sotdiga ham mashg‘ul bo‘lmasdan, Allohni zikr etishlaridir. Ya’ni ular ish vaqtida ham Allohni unutmaydilar. Tijorat va oldi-sotdi bilan mashg‘ul bo‘lib, namozni, xususan, jamoat namozini qoldirmaydilar.

«O‘zim tijorat qilib, zo‘rg‘a topdim-ku» deb, zakot berishdan ham qochmaydilar. Chunki «Ular qalblar va ko‘zlar iztirobga tushadigan Kundan qo‘rqarlar»[4].

Ya’ni qiyomat kunidan qo‘rqadilar. U Kunda tijorat bilan, oldi-sotdi bilan mashg‘ul bo‘lib, Allohning zikrini, namozni to‘kis ado etishni, zakot berishni unutganlarning qalblari va ko‘zlari qo‘rqinchdan iztirobga tushadi.

Mashoyihlarning aytishlaricha, bunda solik zikrga g‘arq va mashg‘ul bo‘lganidan, diliga zikr g‘alaba qilganidan bozorga kirsa ham, gap-so‘zlarni, ovozlarni eshitmaydigan darajaga erishadi. Ya’ni g‘ala-g‘ovur har qancha bo‘lsa ham, uni zikrdan to‘sa olmaydi.

  1. Yod kard.

«Yod et» «zikr qil». Zikr nafsni poklaydigan va axloqni sayqallaydigan eng kuchli omillardan biri hisoblanadi. Qur’on tilovatidan keyin bandaning tili uchun eng afzal ibodat Alloh taoloning zikridir. Zikr ila banda Alloh taologa ixlos bilan duo qiladi va hojatlarini so‘raydi.

«Zikr» so‘zi lug‘atda eslash, xotirlash, so‘zlash, tilga olish, bayon etish, sharhlash, tavsiflash kabi ma’nolarni anglatadi.

Ammo umumiy ma’noda zikr ikki xil bo‘ladi: til bilan va dil bilan zikr qilish.

Bularning har biri ham ikki turli buladi: unutganini eslash va unutmasa ham, yodidagi narsani xotirlash[5].

Ulamolar istilohida: «Zikr – bandaning Robbini tili va dili bilan eslashidir. Bu U Zotning O‘zini, sifatlarini, amallarini,

Hukmlarini zikr qilish yoki Kitobini tilovat qilish yoxud U Zotga duo qilish, U Zotdan biror narsani so‘rash, U Zotga hamdu sano aytish, u zotni ulug‘lash va U Zotga shukr keltirish kabi narsalar ila bo‘ladi. Zikr har bir bandadan talab qilingan va har bir bandaga mahbub qilingan narsadir. Zikr har doim qilinishi kerak bo‘lgan marg‘ub ishdir. Faqat shariat istisno qilgan, qazoi hojat va xutba eshitish paytiga o‘xshash holardagina ziqr qilinmaydi.

Xoja Bahouddin Naqshband hazratlarining tasavvufiy ta’limotlari – faqat tarixiy meros emas, balki bugungi kunda ham jamiyatimiz ma’naviy hayoti uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchi nurli mash’aladir. Naqshbandiya tariqati insonni avvalo shariatga rioya qilishga, sunnatga ergashishga, zohiri va botinini poklashga, ixlos va muhabbat bilan ibodat qilishga chorlaydi. Uning mo‘tadilligi va riyodan holi ravnaq topgan uslubi bugungi tezkor va mashg‘ul hayot sharoitida ham har bir shaxsga ma’naviy barqarorlik baxsh etishi mumkin.

Shu bois, Naqshbandiya ta’limotini ilmiy asosda o‘rganish, uning falsafiy va amaliy jihatlarini yoritish, yosh avlod ongiga sof islomiy va milliy qadriyat sifatida singdirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bahouddin Naqshbandning g‘oyaviy merosi nafaqat diniy, balki ma’naviy-ma’rifiy barkamollik sari yo‘l ochib, yurtimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy islohotlarga munosib hissa qo‘shadi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

Qur’on Karim

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Zuhd va hayo, Toshkent 2024 y

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tasavvuf haqida tasavvurlar, Toshkent 2024 y

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Naqshbandiya, vazifalar, zikrlar, Toshkent 2024 y

[1] https://nrm.uz/contentf?doc=777795_o%E2%80%98zbekiston_respublikasi_prezidentining_21_04_2025_y_pf-68-son_fuqarolarning_vijdon_erkinligi_huquqi

[2] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tasavvuf haqida tasavvurlar,112 bet, Toshkent 2024 y

[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Naqshbandiya, vazifalar, zikrlar,18 bet, Toshkent 2024 y

[4] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Tasavvuf haqida tasavvurlar,113 bet, Toshkent 2024 y

[5] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, Zuhd va hayo,52 bet, Toshkent 2024 y

Scroll to Top