E’zozning ko’rinishi

Bismillahir rohmanir rohiym

Buxoroga “Islom dinining gumbazi” (“qubbatul islomi din ast”) deya yuksak ta’rif berilishga sabablardan biri bu zaminda ko‘pdan-ko‘p avliyo zotlarning tug‘ilib faoliyat ko‘rsatganligidir. Yetti Pir avliyolarimiz ziyoratida bo‘lishni esa nafaqat musulmon olami, balki bugungi kunda eng rivojlangan davlatlar olimu fozillari ham orzu qilishadi. Jahonda esa O‘zbekistonni,  aksariyat, Buxoro va uning ahli ilmlari orqali tanishishlari shundandir.

Xalqimizga ma’lumki, mustaqillik qo‘lga kiritilgach, mamlakatimiz bo‘ylab boy ma’naviy merosimiz yaratuvchilari – ahli ilm, avliyolar, piri komil murshidlarning istiqlolgacha tashlandiq, xaroba holga kelib qolgan muborak qadamjolari, masjidu madrasalar, xonaqohlar qaytadan ta’mirlanib obod qilindi, ular yaratgan nodir manbalar topilib tadqiq qilindi, foydalanish uchun xalqqa qaytarildi. Bunday ishlar ko‘lami yildan-yilga kengayib, ko‘payib bordi. Jumladan, Buxoro avliyolari, xususan, Yetti Pir nomi bilan mashhur xojagon-naqshbandiya tariqati vakillari qadamjolari, masjidlar restavratsiya qilindi, hayoti, faoliyati, asarlari, g‘oyalari o‘rganildi va millatimiz orasida targ‘ib qilindi. Bulardan muddao, albatta, o‘zligimizni tanish, asl qadriyatlarimizni, o‘ziga xos milliy mentalitetimizni saqlab qolish va rivojlantirish hamda o‘sib kelayotgan yoshlarni buyuk ajdodlarning ezgu g‘oyalari asosida tarbilash, jahon taraqqiyotida bir millat, xalq sifatida o‘rnimizni egallashdir. Shu maqsadda hukumatimiz tomonidan tizimli ravishda xayrli va manfaatli ishlar olib borilmoqda. Ishlarning samarasi o‘laroq istiqlolning dastlabki yillaridayoq Buxoroning tarixiy markazlari YUNЕSKO tashkiloti tomonidan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

1993 yildayoq Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan naqshbandiya tariqatiga oid qo‘lyozmalar katalogi tuzildi. 2017 yilda  Abduxoliq G‘ijduvoniy, Bahouddin Naqshband tavalludini keng nishonlash bo‘yicha davlatimiz rahbarining farmoyishida belgilangan ishlar, 2020 yilda Buxoro shahrining “Islom olami madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan bir qancha tadbirlar amalga oshirildi.  2022 yil aprelda, 2023 yil sentyabrdagi prezident topshirig‘i asosida Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi restavratsiya qilindi va shu yilda YUNЕSKO ro‘yxatiga kiritildi. 2024 yil 31 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga tashrifi davomida olimlar bilan suhbatda Bahouddin Naqshband merosini chuqur o‘rganish, chet davlatlardan manbalarni olib kelish, muzey tashkil qilish, sayyohlarga qulayliklar yaratish kabi va yana bir qancha ko‘rsatmalar berdi. Ushbu sa’y-harakatlarning samarasi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 21 aprel 2025 yildagi “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-68-son Farmonida qayd etilgan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Markazning asosiy vazifalari:  buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish; tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish; naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish; tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish kabilar belgilab berildi. Zero, davlatimiz rahbarining xalqiga g‘amxo‘rligi namunasi o‘laroq tuzilgan ilmiy-tadqiqot markazi  bu – millatimizning  asosli, mustahkam, boy ma’naviy merosiga katta e’tibor, buyuk e’zozning ko‘rinishi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugungi kunda shu ma’lum bo‘lyaptiki, Sharqning bir bo‘lagi bo‘lgan O‘zbekiston, jumladan, Buxoro din-e’tiqod masalasida ham, ma’naviyat-ma’rifat,  ilm-fan yo‘nalishda ham eng rivojlangan mamlakatlardan aslo qolishmas ekan, aksincha, hozirgi tezkor globallashuv zamonida G‘arbning ma’naviy jihatdan oqsayotgani ko‘rinib qolgan bir paytda, yurtimiz buyuk allomalarining ilmiy, falsafiy, badiiy merosiga, ular ilgari surgan ezgu g‘oyalar, allomalarimiz yaratgan boy ma’naviy merosga, sharq axloqi, tarbiya usuliga qiziqish, e’tibor tobora oshyapti. Shuning uchun ham ulug‘ ajdodlarimizning, ayniqsa, diniy-ma’rifiy merosini chuqur tadqiq qilish va uni elimizning, vatanimizning kelajagi bo‘lgan yoshlariga to‘g‘ri singdirish, ularni buyuk ajdodlariga munosib avlod qilib tarbiyalash,  haqiqiy komil inson bo‘lib, millati, yurti ravnaqi uchun kuyunadigan, sog‘lom jamiyat qurishga intiladigan millatparvar insonlar qilib tarbiyalash shu zamin har bir ongli fuqarosining oliy burchi bo‘lishi lozim. Ana shu maqsadlarda siz aziz xalqimizni savob amallarga, ya’ni ilmiy-tadqiqot markazining ezgu ishlariga ko‘mak berishingizga chorlaymiz. Sizning tasarrufingizda ajdodlarimizning nodir qo‘lyozmalari, turli xil risolalar, manbalar, muborak qadamjolar to‘g‘risida ma’lumotlar bo‘lishi mumkin. Millatimiz ma’naviyatini yuksaltirish, vatanimizni dunyoga tanitish, farzandlarimizni ma’rifat bilan qurollantirish kabi savob amallarni ado etishingizdan umidvormiz.       

Gavhar Istamova
Bahouddin Naqshband ilmiy – tadqiqot markazi bosh ilmiy xodimi

Scroll to Top