Sayyid Amir Kulolning tabiatni asrashga oid durdona fikrlari

Navro‘zova Gulchehra Ne’matovnaJuly 28, 2025July 31, 2025

Buxoro texnika universiteti “Ijtimoiy fanlar va jismoniy madaniyat” kafedrasi professori, falsafa fanlari doktori

Hozirgi kunning global muammolaridan biri atrof muhitni asrashdir. Inson tabiatning bir bo‘lagi sifatida u bilan aloqadorlikda yashaydi. Tabiiy muhit qancha sog‘lom bo‘lsa insoniyat ham salomat bo‘ladi. Tabiatning salomatligi insonning unga bo‘lgan munosabatiga bog‘liqdir. Suvimizning tozaligi, havomizning musaffoligi, tuprog‘imizning unumdorligi, iqlimimizning me’yorida bo‘lishi insonlarning ularga muhabbat bilan qiladigan munosabatiga bog‘liq.

Ekologik muammolarni yechishda tasavvuf falsafasini ma’naviy merosini o‘rganishning ahamiyati kattadir. Aynan shu ta’limot butun borliqqa muhabbat hissini tarbiyalaydi va biror bir mavjudotga ozor bermaslik ruhini singdiradi. Xojagon ta’limotini asoslagan, Abdulxoliq G‘ijduvoniy va Yassaviya tariqati asoschisi Ahmad Yassaviyning ustozi Xoja Yusuf Hamadoniy va Buxoroi Sharifning Yetti Pirining bu sohadagi xizmatlari kattadir.

Buxoroi Sharif Yetti Pirining oltinchisi, Bahouddin Naqshbandning ustozi Hazrat Sayyid Amir Kuloldir. Sayyid Amir Kulol 1281 yili Buxoro yaqinidagi Suxor qishlog‘ida dunyoga kelgan. Bu ulug‘ manzil hozirgi Buxoro viloyati Kogon tumanida joylashgan. Hazrat 1370 yili Suxor qishlog‘ida olamdan o‘tganlar. Muborak qabrlari Suxor qishlog‘ida bo‘lib, hozirgi kunda obod ziyoratgohdir. Sayyid Amir Kulolning dunyoga kelishini Yassaviya tariqatining piri Sayyid Ota bashorat qilganlar. Hazratning tasavvuf ta’limotiga bo‘lgan qiziqishlari yoshligidan oila muhitida shakllangan.

Amir Kulol hayotlariga oid asosiy manba “Maqomoti Amir Kulol” asari hisoblanadi. Bu asar muallifi Sayyid Amir Kulolning o‘g‘li Amir Hamzaning qizi Xotuni Kalonni o‘g‘li Shahobiddindir. Bu asar Buxoro shahrida Xoja Ahror Valiy avlodidan bo‘lgan Orifxo‘ja ibn Muhiddinxo‘janing oilaviy kitob xazinalarida saqlanmoqda. Shahobiddin ibn bintu Amir Hamza “Maqomoti Amir Kulol” da juda qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan.

Manbada yozilishicha, Hazrat hali onasining botiniy vujudida endi dunyoga kelganidan boshlab faqatgina halol luqmani iste’mol qilgan. Harom va shubhali luqmani u kishining pok vujudlari umuman qabul qilmagan. Poklik ulug‘ zotga berilgan ilohiy fayz bo‘lgan. Manbada bu voqea bayonidan keyin quyidagi baytlar keltirilgan:

Nishoni on, ki man farzandi pokam,

Padar ham pok, modar ham afifa.

Dilam ham poku doman pok doram,

Tariqi rost rohi Bu Hanifa.

Mazmuni:

Meni pok farzand ekanligimni nishonasi,

Otam ham pok, onam ham afifadir.

Qalbim pok, etagim ham pok,

Yo‘lim ham rost, Abu Hanifa tariqatidir.

Hazrat Sayyid Amir Kuloldan tabiatni asrashga oid quyidagi hikmatli so‘z saqlangan:

Mayozor mo‘ru, mayozor kas,

Rahi roskori hamin astu bas.

Mazmuni:

Chumoliga ham, kishiga ham ozor bermagin,

To‘g‘ri yo‘l aslida mana shudir.

Amir Kulol yuqoridagi nazmiy parchalar orqali olamda yaratilgan barcha narsalar, xoh u chumoli bo‘lsin, ya’ni kichik hasharot bo‘lsa ham, xoh inson, Alloh tomonidan yaratilgan ne’matlar ekanligini ta’kidlab va ularga ozor bermaslikka hammani undaydi. Rost, to‘g‘ri yo‘l birovga ozor bermaslikda ekanligini ta’kidlagan va o‘zi ham bunga to‘la rioya etgan.

“Maqomot”da Amir Kulolning tabiatga munosabatini yorituvchi quyidagi naql keltiriladi:

“Kunlardan bir kun Amir Kulol doimiy ish jarayonida bir jamoa bilan to‘nlarini yuvishga ahd qilgan. Romitan bog‘larining birida to‘nlarini yuvdilar va endi quritishga jazm yetganlarida, Amir Kulol aytadilar:

  • Ey yoron, to‘ningizni aslo devorga osmang, to tikanlari sinmasin, uni daraxtga osmang to uning shoxlari egilmasin, uni yerga ham yoymang toki to‘rt oyoqlilarning o‘tlari xarob bo‘lmasin.
  • Do‘stlar aytdi:
  • Ey Amir, siz unda to‘ningizni qanday quritasiz?
  • Amir javob beradi:
  • -Men to‘nimni yelkamga yoyib qo‘yaman va quyoshga tomon qilib turaman, shu holatda quriguncha saqlayman.
  • Bundan so‘ng yana Amir Kulol aytdi:
  • Agar devorning bir parchasi tushsa, yo daraxtning bir shoxasi sinsa, yo o‘tlar xarob bo‘lsa Allohga bu gunoh uchun nima javob beramiz? Qanday uzr ko‘rsatamiz? Shuning uchun aslo shariatga zid bo‘lgan amallarni qilmang. Kichik bo‘lsa ham hech bir narsani xor qilmang. Kichik gunoh ham gunoh ekanligini biling. [5]
  • O‘z navbatida bu g‘oya tabiatni avaylab asrashga qaratilgandir.
  • Amir Kulol ibratli hayot yo‘lini kechirganlar. Vafotlaridan oldin xilvatga kirib uch kechayu kunduz hech kim bilan gaplashmaganlar. Shundan so‘ng bosh ko‘tarib shukronalar deganlar. “Maqomot”da yozilishicha, buni sababini so‘raganda shunday javob berganlar: “G‘oyibdan bir ovoz kelib, shunday dedi: “Ey Amir Kulol, biz senga va sening do‘stlaringga, hammasiga rahmat qildik”. Manbada shu so‘zlardan keyin quyidagi baytlar yozilgan:
  • Shodam, ki zi man bar dili kas bore nest,
  • Kasro zi manu, kori man ozore nest.
  • Gar nek shumorandu, gar bad go‘yand,
  • Bo neku badi hech kas kore nest.
  • Mazmuni: Men juda xursandmanki, mening tufayli biror kishining qalbida og‘irlik yo‘q. Men va mening ishlarimdan hech kim ozor chekmagan. Meni yomon yoki yaxshi desalarda, men ularning yaxshi va yomonlari bilan hech ishim yoq.
  • Bu nazmiy parcha Sayyid Amir Kulolning halol va pokliklari tufayli butun borliq va koinotga beozor hayot yo‘llarini bosib o‘tganliklaridan guvohlik beradi.
  • Yuqorida keltirilgan tasavvufiy manbalardagi fikrlarni chuqur o‘rganish va yoshlar ongiga singdirish ekologik muammolarni yechishga yordam beradigan yo‘llardan biri bo‘lib hisoblanadi.
Scroll to Top