Xoja Muhammad Boboyi Samosiy xazratlari tarixlari

Ey farzand, siz shunday bir
Xizmat qilingki, oradagi xusumat
Yo‘q bo‘lsin. Jang-u nizo bartaraf
bo‘lsin!
(Xoja Muhammad Boboyi Samosiy xikmatlaridan)

Xoja Muhammad Boboyi Samosiy quddisu sirrih 1259-yil Buxoro viloyati Romitan tumani Samos qishlog‘ida tug‘ilib, 1354-yil vafot etganlar. Qabrlari Samos qishlog‘idadir. Hazrat Boboyi Samosiyning otalari – Sayyid Abdulloh bo‘lgan. Ul zoti sharif ham shariat-u tariqat ilmidan voqif bo‘lgan.
Hazrati Muhammad Boboyi Samosiy quddisu sirrihu bug‘doy rangli va yuzlaridan nur yog‘ilib turadigan zot edilar. U kishining nigohlari ta’sirli va hissiyotlari kuchli bo‘lgan.
Hazrati Muhammad Boboyi Samosiy quddisu sirrihu Xoja Ali Romitaniy hazratlariga umrlarining oxirigacha ixlos bilan xizmat qilganlar. Hatto, u kishi Xorazmga hijrat qilganlarida, birga hijrat qilganlar. Ana shu suhbat u kishiga ulkan foydalar keltirib, ustozning eng yaqin kishilaridan biriga va ko‘zga ko‘ringan xalifalariga aylandilar.
Hazrati Muhammad Boboyi Samosiy quddisu sirrihu ko‘p talabalarini o‘zlari izlab topardilar. Bir kuni u kishi kurash maydoni oldidan o‘tib ketayotib, maydon o‘rtasidagi polvonga nazar soldilar va uni ma’naviy maydonga tortadilar. Ushbu shaxs Amir Kulol edilar. Shu ondan e’tiboran Amir Kulol , hazratning xizmatlariga kiradi va u kishining benazir ilmlari ila sug‘orilib, ta’lim – tarbiya oladilar.
Hazrati Muhammad Boboyi Samosiy raxmatullohi alayhining huzurlariga yangi tug‘ilgan Bahouddin Naqshbandni olib kelganlarida, u kishini ko‘rsata turib, Amir Kulol rahmatullohi alayhiga quyidagilarni aytganlari rivoyat qilinadi:
“Bu biznikidir. Buni ma’naviy farzandlikka qabul ayladik. Avval aytganimizdek, tariqatimiz kelajagi bo‘ladigan shaxs, inshaalloh, shudir. Bu qishloq bundan so‘ng Qasri Orifon bo‘lajak. Ey Amir Kulol! Bu yo‘rgak ichidagi o‘g‘lim Bahouddinni senga havola etaman. Buning zohir va botin tarbiyasida hech kamchilikka yo‘l qo‘ymagin!”. “Inshaalloh, aytganingizni qilish uchun qo‘limdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solaman”, – dedi Amir Kulol.
Hazrati Muhammad Boboyi Samosiy raxmatullohi alayhi to‘rtta ulug‘ xalifa yetishtirganlar: Xoja So‘fiy Suxariy, Xoja Mahmud Samosiy (o‘z o‘g‘illari), Xoja Donishmand va Xoja Sayyid Amir Kulol.
Hazrati Muhammad Boboyi Samosiy quddisu sirrihu silsila omonatini Xojai Azizon Ali Romitaniy hazratlaridan olganlar.
Muxtaram Prezidentimizning Buxoro viloyatiga 2018-yilning fevral oyidagi tashriflari davomidagi ko‘rsatmalariga asosan, bir kator jome’ masjidlarimiz va ziyoratgohlarda qayta qurish, rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari jadal sur’atlarda olib borildi.
Tumanda faoliyat yuritayotgan barcha jome’ masjidlar qatori Xoja Muhammad Boboyi Samosiy jome’ masjidida ham bir qancha qayta qurish va rekonstruksiya ishlari olib borildi. Jome’ masjidda zamonaviy ko‘rinishga ega binolar qad rostladi. Masjid atrofi to‘liq devor bilan o‘rab olindi. Darvozaxona, tahoratxona, minora, hovuz, maqbara va yo‘laklar yangitdan zamon talablariga javob bera oladigan qilib qad rostladi. Ushbu qurilishlar deyarli yakunlandi. Yangi 2020-yilning birinchi yarmiga qadar, pardozlash ishlari ham yakunlanadi. Ushbu majmua yurtimiz mehmonlari va mahalliy aholi uchun barcha qulayliklarga ega, salobatli va viqorli ziyoratgohlardan bo‘ladi, insha Alloh!

Romitan tuman “Xoja Muhammad Boboyi Samosiy”
jome’ masjidi imom-xatibi
H.Shirinov

Scroll to Top