Sunnatni bilmaslik ofati

Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam hamisha tushlarni yaxshilikka yoʼyib taʼbir qilardilar. Mana shu sunnatni bilmagan baʼzilar birovning tushuni yomonlikka yoʼyib taʼbir qilishadi va tush voqeylikda oʼsha taʼbir qilingandek yomon boʼlib chiqadi. Bu maqola orqali quyidagi hadisni oʼquvchiga taqdim qilmoqchiman va bu bilan imkon qadar birovlarning tushini yaxshilikka yoʼyishlarini tavsiya qilgan boʼlardim, chunki bir nechta kishining hayotidagi hodisa va voqealar tushni salbiy taʼbir qilingani uchun yomonliklar boʼlganiga guvoh boʼlganman. Mana koʼrib turganingizdek, tushlar yaxshilikka yoʼyilishi shart. Ming afsuski mana shu sunnatdan gʼaflatda qolganimiz sababli, oʼzimiz bilmagan holda birovlarga yomonlik qilib qoʼyyamiz.

Bu hadisni imom Dorimiy rahmatullohi alayh oʼzlarining sunanlarida rivoyat qilganlar:
Nabiy sollallohu alayhi vasallamning zavjalari Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
«Madinalik bir ayol bor edi. Uning eri tojir boʼlib, koʼp qatnardi. Eri har doim safarga chiqganda ayol tush koʼrardi. Eri deyarli har doim safarga chiqganda ayoli homilador holda boʼlardi. Аyol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: «Meni homilador holda qoldirib, erim tijorat safariga chiqdi. Tush koʼrdim. Tushimda uyimning ustini sinib, koʼzi gʼilay bola tugʼibman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yaxshilik. Insha Аlloh, ering sogʼ-salomat senga qaytadi va solih oʼgʼil tugʼasan», dedilar. Ikki uch marta shunday tushlar koʼrdi va har koʼrganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib tushini aytar, u zot unga yaxshilik boʼlishini aytar edilar. Eri sogʼ-salomat qaytar va oʼgʼil farzand tugʼar edi. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yoʼqliklarida haligi ayol keldi. Oʼshanaqa tush koʼrgan ekan. Men unga: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima haqida soʼraysan? Ey Аllohning quli», dedim. Аyol: «Tush koʼraman va tushim haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan kelib soʼrayman. U zot «Yaxshilik», deydilar. Keyin aytganlaridek boʼladi», dedi. Men unga: «Tushing haqida menga xabar berchi, nima ekan?», dedim.
U ayol: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelmagunlaricha aytmayman. U zot kelsalar har doimgidek u kishiga aytaman», dedi. Аllohga qasamki, uni aytmaganiga qoʼymadim. U menga koʼrgan tushini soʼzlab berdi. Men unga: «Аllohga qasamki, agar tushing rost boʼlsa, ering oʼladi va noqobil farzand tugʼasan», dedim. U ayol oʼtirib yigʼladi va «Menga nima boʼldiki, senga tushumni aytdim», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirib keldilar. Аyol yigʼlab oʼtirar edi. U zot: «Unga nima boʼldi, ey Oisha», dedilar. Men u zotga boʼlib oʼtgan narsani xabar berdim va qilgan tush taʼbirimni aytdim. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Toʼxta, Ey Oisha! Аgar musulmon kishiga tushini taʼbir qilsangiz, yaxshilikka yoʼyib taʼbir qiling, chunki tushlar taʼbir qiluvchining taʼbiriga koʼra boʼladi», dedilar. Аllohga qasamki, ayolning eri oʼldi. Oʼylashimcha noqobil farzand ham tugʼdi».
Аlloh barchamizni habibimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilib yashashni nasib aylasin!

Buxoro viloyat Jondor tuman Demun mahalla
fuqarolar yigini otinoyisi Gulshod Juraeva

Scroll to Top