Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot
markazi bosh ilmiy xodimi, dosent A.H. Xamraev
Buxoroi Sharif – buyuk insonlarga beshik bo‘lgan zamindir. Jahon tamadduni o‘choqlaridan biri bo‘lgan bu yurtda asrlar davomida ulug‘ zakovat sohiblari tug‘ilib, ijod qilganlar, tarixda o‘chmas iz qoldirganlar.
Buxoroning har bir tarixiy obidasi xalqimizning buyuk zakovati va salohiyatidan, ilmu ma’rifati, ma’naviyati va madaniyati, falsafasi va dini ravnaqidan dalolat beradi. Afsuski, tariximizning mudhish yillari – chor Rossiyasi istibdodi, sho‘rolar davridagi siyosiy qatag‘onlarda din peshvolari ta’qib ostiga olinishidan tashqari, diniy muassasalar, tarixiy obidalar ham barbod qilina boshlandi. Milliy me’morchiligimizning betakror namunalari: jilolanib turgan minglab masjid va madrasalar, muhtasham saroylar, tarixiy obidalar buzib tashlanib, omborxona, eshaksaroy, paxta quritadigan joylarga aylantirildi…
Mustamlakachilik davrida o‘z erkini boy bergan hukmdorlarning madaniy meros va milliy an’analarga bo‘lgan e’tibori susayib, mahalliy ziyolilar va ma’rifatparvarlar uchun buning oldini olish dolzarb vazifaga aylanadi. Buxoro madrasalarida tahsil olgan Mahmudxo‘ja Behbudiy Buxoroi Sharifning o‘tgan asr boshlaridagi mudhish ahvoliga befarq qarab tura olmas edi. Behbudiy tabarruk qadamjolar va tarixiy obidalarning e’tibordan chetda qolayotganligi va mahalliy hokimlar va ulamolarning bunga nisbatan befarqlikliklariga qanday munosabatini bildirish kerak degan savolga to‘g‘ri yechim topadi.
Sadriddin Ayniy xotiralariga ko‘ra, Mahmudxo‘ja Behbudiy 1912 yil 14-20 oktyabrda Buxoroga sayohat qilib, Bahouddin Naqshband hazratlarining maqbaralarini ziyorat qilishga boradi. Ziyoratgoh va u yerda masjid va madrasalar ahvolini ko‘rib, o‘zining yangi bir maqolasini yozishga jazm etadi. Maqola mang‘itlar sulolasi asoschisi Amir Doniyolbiy (1758-1785) nomidan yozilgan maktub sifatida bayon etilgan. Biz ushbu maktubni tabdil qilib, e’tiboringizga havola qildik…
Amir Doniyolning qabrdan yozgan maktubi
Men, Buxoro amirlarining jaddi a’losi (oliynasab bobokaloni) va mang‘itlar sulolasi asoschisi1, buyuk Buxoro va Turkiston zaminlari podshohidirman. Turkiston o‘lkasidagi fikri buzuq xonlar va sanoqsiz o‘zbek beklarini ko‘b mehnat va va siyosat bilan, lashkarimning g‘ayrat va ionati sababli o‘zimga bay’at ettirdim, ya’ni bo‘ysundirdim va Buxoro amirligini tashkil etdim. Shunday qilib, Turkistonning tug‘ ko‘targan beklari, elxonlari xizmatimda muhayyo bo‘ldilar. Buyuk Turkiston o‘zbeklari va barcha ulus xalqi va turkiy qabilalar «Doniyol otaliq» oliy unvonini berdilar.
Tutgan usulimdan biri, muhim ishlarda barcha beklar so‘zlarini tinglab, oxirinda o‘z fikrim bilan qaror qabul qilar edim. Hatto, sevikli rafiqam Oyim: «El-ulus ishlarida siz nima uchun, har kim so‘zin ma’qul dersiz begim?» – deb menga shiddatli e’tirozlar qilar edi. Men esa unga ham: «Shohmurodim onasi, sening so‘zing ham ma’qul!» – der edim. Bu jumla shu kunlarda Turkiston ahli orasida mashoyixlar so‘zi (maqol) kabi qo‘llaniladi.
O‘z hayotimdan bir misol keltirayin: sevikli boyvuchcham (rafiqam Oyim) hayit va arafa kunlarida meni yo‘qlab turar: «Hayitlarda xalqning bolalari gul kabi ochilib, kiyinadi, yasanadi, ammo mening Shohmurodjonim esa eski kiyimda!» – deb hasratlanar erdi. Men esa baytulmol (xazina)dan vazifam bo‘yicha maosh olib, boyvuchchamni rozi etardim. Ba’zan baytulmolchi (xazinachi) talabimni qabul etmasa, mahtal bo‘lib qolar edim… O‘tgani o‘tdi! Mening tarbiyamni olgan xushxulq, valine’matim, sevikli o‘g‘lim Shohmurod, yurtimga yangi yurtlarni qo‘shdi, Marv va boshqa o‘lkalarni mamlakatimga bo‘ysundirdi. Kandi2si esa baytulmola tiqilmasdi, ya’ni boyligi ko‘pligi uchun xazinadan aslo pul olmas edi. Yozda qashqa po‘stinining sirtini, qishda ham sirti va ichki issiq qismini ham kiyardi. Va madrasa talabalarindan bo‘lub, olim va parhezkor edi. Taba’asi, ya’ni tavba va istig‘fori ko‘pligi va xilvatni yoqtirgani uchun uni «Amiri chetmakon» derdilar. Bobom Temur hazratlaridan qolmish muborak daxmalar (mozor, marqad) va alloma Ulug‘bek, Yalangto‘sh bahodir, Shayboniyxon va boshqa buyuklardan meros masjid, madrasa va maqbaralarni va hatto savma’alar, ya’ni (g‘ayridinlar ibodatxonasi)ni ham tathir etib, ya’ni tozalab, ta’mirlab, buyuk Temurdan qolgan Ko‘ktosh taxtini Samarqandda julus (majlis va mashvarat joyi) etdi.
Qachonlardir Amir Temurning poytaxti bo‘lgan, doxiliy fitnalar tufayli kimsasiz huvillab qolgan Samarqand shahri qurt-qumursqayu, qushlardan ham xoli, eski imoratlardan boshqa hech narsasi yo‘q shahar edi. Shohmurodim Samarqandning 155 mahallasini muhojirlar bilan to‘ldirdi. O‘shanda Samarqand madrasalari mening bu dahmam kabi zor va xarob ekan. U kandi alila supurdi va tathir etdi, ya’ni saxovatli qo‘li bilan (hamma joyni) supurdi va tozaladi. Shahar o‘rtasidagi «Shosh suqba»ni ham u bino etdi… Oh, voh! Bularni yozmoqqa aslo toqatim yo‘q va buning menga keragi ham yo‘q. Men oxirat odamiman, mening foniy dunyo bilan endi aloqam yo‘q… Xulosa qilib aytsam, munavvar zot, hozirgi Buxoro amiri, sayyid Olimxon, mening yettinchi avlodimdur.
1192 (1778) yil sanasida Xoja Bahouddin maqbaralari yaqinida bino qilgan faqirona daxmamda 1199 (1785) yil sanasidan buyon yotibman. Mendan qolgan mamlakat – amirlikni vorislarim qanday idora etsalar ham, mening ishim yo‘q. Faqatgina «Naqshdori ob» bo‘lgan Buxoro hukumatidan; agar hukumat eshitmasa, Buxoroning bugungi vatanparvar ulamosidan3; ular eshitmasa shariat ahlidan talab va iltijo etamanki, menim daxmam atrofidagi muqaddas madrasa va qorixonamda yashayotgan pes, moxov, shol va ko‘rlar o‘rniga, ilm toliblari va qorilarni qo‘ysinlar. Afsuski, bu yerdagi masjid va hujralar pes-moxovlar maskani bo‘lib qolgan.
Madrasadagi 20-30 hujra (aslida) ilm toliblari uchun bino qilingan edi. Bu kun har bir hujraning vaqfi 100 so‘mdan ziyodadur. Yana imom, muazzin, mudarris va xodimlar uchun kofiy, ya’ni yetarli vaqflar bordirki, ular o‘z nafaqalarini vaqtida olib turganliklari holda, vazifalarini ijro etmayaptilar. Bunga mas’ul imom va mudarrislar doim Buxoroda yashab, bu yerlarga aslo kelmaydilar. Boylar vaqfdan foyda olish uchun men qurdirgan hujralarni 300 so‘mg‘a olib, 600 so‘mg‘a olib-sotib tururlar. Buxoroning qozi va muftilari qanday qilib (bay’ va sharog‘a ruxsat beribdilar) shariatga bu botil fatvoni tatbiq etibdilar? Oh, tirik bo‘lsa edim, ularning bo‘yinlariga o‘z zamonamdagi «g‘ul bozorbegim» (maxsus temir zanjir) solur edim. Lekin kimga so‘zlayman? Menim bugungi turbador4, ya’ni hamsuhbatla – rim moxovlardir. Modomiki, buxoroliklar bu holni ko‘rmasalar, nachora, jarida (jurnal) va matbuot vositasi bilan faryod etishga majbur bo‘ldim. Xoja Bahouddin ziyoratiga borish yo‘ldagi masjid va daxma menikidir. Zavvor (ziyoratchi) va sayyohlar ko‘rsinlar, ibrat olsinlar va buxoroliklarning loqaydliklarini bilsinlar. Boqiy duo va salom aytib:
Buxoro amirligini ta’sis etgan: Amir Doniyolbiy.
Ushbu sana, ya’ni 1912 yilning 14-20 oktyabrida Buxoroga sayohat etdim. Buxoro eski shahardur. Bu yerda eski asbob va eski odatlar mabzul, ya’ni afzaldir. Har bir sayyoh o‘z tabiatiga muvofiq eski shay (narsa) lar axtaradi. Men ham eski xabar va vasiqalarni izladim. Hazrat Bahouddin va Amir Doniyol (maqbaralari) ziyoratlari asnosida qo‘limga ba’zi shaylar (narsa) kirdi. Ulardan biri marhum Doniyolbiy otaliqning ushbu maktubidur. Mo‘’tabar «Sho‘ro» jurnali mushtariylariga tuhfa etish niyati bilan bu maktubning nusxasini idoraga yubordim. Kelajakda boshqa vasiqalar ham irsol, ya’ni risola sifatida chop etilur.
Samarqand (dorulqazo omonlik, yaxshilik) qozixonasi muftiylaridan:
Mahmudxo‘ja Behbudiy
«Sho‘ro» jurnali. 1912 yil. № 23
Amir Doniyolbiy nomidan yozilgan maktubdagi e’tirozlar aslida Mahmudxo‘ja Behbudiy yuragidagi og‘riq nuqtalar edi. U o‘z fikrini baralla aytish va jamoatchilik fikrini ham shakllantirish uchun matbuot kuchidan foydalanishni yagona chora sifatida ko‘radi. So‘nggi Buxoro amiri (Sayyid Olimxon) ham katta bobosi qabridan chiqqan sadolarga befarq bo‘ldi. Sho‘ro hokimiyati davrida ham Behbudiyning orzulari armonligicha qolaverdi…
Mustaqillik bizga tom ma’noda milliy o‘zligimizni qaytardi. Bu davrda ma’rifatparvar-jadid bobolarimizning nomlari oqlanib, ilmiy meroslari keng o‘rganilib, hayotlari, ijodlari, asarlari targ‘ib qilinmoqda.
“Turkiston jadidlik harakatining asoschisi, atoqli adib va jamoat arbobi, noshir va pedagog Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi PQ-462-son Prezident qarori (27.12.2024 y.) qabul qilindi. Shundan kelib chiqib, 2025-yilda amalga oshiriladigan ishlar chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Qarorda Mahmudxo‘ja Behbudiy ilmiy merosini o‘rganish va yoshlarga tushunarli tilda yetkazish kabi dolzarb vazifalarni qo‘yilgan. Yuqoridagi Doniyolbiyning ramziy maktubi ham yoshlarimizga Mahmudxo‘ja Behbudiy shaxsi, uning maqsadlari va orzu-umidlari haqida ma’lumot beradi.
Bugun biz Yangi O‘zbekistonimizda jadid bobolarimizning orzulari ushalmoqda, – deb baralla ayta olamiz. Bugun Bahouddin Naqshband majmuasi, qolaversa, Doniyolbiy maqbarasi uzra kezib yurgan Mahmudxo‘ja Behbudiy-ning pok ruhi bugungi Yangi O‘zbekistonimizning qay darajada chiroy ochganligini, Bahouddin Naqshband majmuasining o‘t orasidan chiqib kelgan afsonaviy Qaqnus qushi kabi, shunday go‘zal holatga kelganligi, dunyoga yuz tutganligining guvohi bo‘lib turibdi.



