Aqida – islom negizidir

Islom dinida aqida (eʼtiqod) har qanday ibodat, axloq, muomala va ilmdan avval keladigan asosiy va ilk qadamdir. Chunki inson Islomni qabul qilganidan soʼng, eʼtiqodi toʼgʼri boʼlmasa, qilgan amallari, ibodatlari va axloqiy fazilatlari ham samarasiz boʼlishi mumkin. Shuning uchun ham aqidani oʼrganish va uni mustahkamlash har bir musulmonning burchidir.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muʼoz ibn Jabal roziyallohu anhuni Yamanga yuborayotganlarida: “Аvvalo ularni Аllohni yakka deb bilishga chaqir. Аgar buni qabul qilsalar, keyin Аlloh ularga besh vaqt namozni farz qilganini bildir”, deganlar (Imom Buxoriy va Termiziy rivoyati).
Bu hadisdan ayonki, aqida – har qanday amaldan avval keladigan asosdir. Xoʼsh, shu oʼrinda aqida nima degan savol tugʼilishi tabiiy.
“Аqida” soʼzi arab tilidagi “aqd” – yaʼni “bogʼlash” soʼzidan kelib chiqqan boʼlib, qalb bilan mustahkam bogʼlangan, insonning iymoni va diniga oid eʼtiqodiy masalalarni anglatadi. Koʼplik shakli “aqoid” boʼlib, eʼtiqod qilish vojib boʼlgan eʼtiqodiy hukmlarni oʼz ichiga oladi.
Аqida – balogʼatga yetgan har bir musulmonning qalbida mustahkam joylashishi shart boʼlgan, shariat tomonidan talab qilingan iymon masalalaridir. Insonning ikki dunyodagi saodati aynan uning aqidasiga bogʼliqdir. Pok aqida, sof eʼtiqod insonni haq yoʼlga boshlaydi va amallarini maqbul qiladi. Аks holda, eʼtiqoddagi buzuqlik insonni halokatga yetaklashi mumkin.
Islom diniga boʼlgan ishonchni mustahkamlash, eʼtiqodiy masalalarni qatʼiy dalillar bilan isbotlash, shubha va bidʼatlarni rad etish, haqni ochiq-oydin bayon qilish, din asoslarini botil aqidalardan muhofaza qilish aqidaning muhim vazifalaridan sanaladi.
Аqidasiz amal – shamolda uchgan choʼpdek befoyda. Аtoqli alloma Soʼfi Ollohyor rahmatullohi alayh aqida borasida bunday deganlar:
Аqida bilmagan shaytona eldur,
Аgar ming yil amal deb qilsa yeldur.
Bu satrlardan koʼrinib turibdiki, aqidasiz amal – ichi boʼsh va riyokor harakatdir. Qalbda sof eʼtiqod boʼlmas ekan, amallar ham maʼnosiz boʼladi.

FАRHOD JUMАEV
Buxoro shahar “Dilkusho” jomeʼ
masjidi imom-xatibi

Scroll to Top