BЕMAZHABLIK – HALOKATDIR!

Bismillahir rohmanir rohim

Ayrim kishilar mazhab yo‘q narsa, unga ergashmaslik kerak, deb da’vo qiladilar. Ma’lumki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallam hayotlik paytlarida shariatga bog‘liq barcha masalalarning yechimini u zotning o‘zlari bayon qilar edilar.
U zot vafotlaridan so‘ng odamlar bilmagan narsalarini sahobalarning olim va faqihlaridan so‘rar edilar. Hatto ba’zi faqih sahobalar u zot tirikliklarida ham shar’iy fatvo berar edilar. Gohida uchrab turadigan qiyin masalalarni yechish uchun eng bilimdon sahobalar yig‘ilib, maslahat qilar va fatvo berar edilar.
Keyinchalik sahobalar din xizmati yo‘lida boshqa yurtlarga ko‘chib bordilar. Odamlar o‘zlari suhbatiga yetishgan olim sahobalarning fatvolariga amal qilishardi. Rasulullohga imon keltirgan sahobalarning adadlari saodat asrida 120 mingdan ziyod edi. Tabiiyki, 120 ming sahobaning hammalari olim yoki faqih emas edi. Ularning orasida, yuqorida aytganimizdek, fatvo berishga loyiq bo‘lganlari, to‘rt xalifa, Abdulloh ibn Mas’ud, Abu Muso Ash’ariy, Muoz ibn Jabal, Ubay ibn Ka’b, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Zubayr ibn Avvom, Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhum va Oysha roziyallohu anho edi.
Yuz mingdan ortiq sahobalar mana shu 14 sahobaning mazhabida edilar. Demak, “Ma’rifatchilar” da’vo qilayotganlaridek, dinda mazhabga ergashish yo‘q, sahobalar davrida mazhablar bo‘lmagan kabi puch da’volarida mutlaqo ilmiy asos mavjud emas. Bu saodat asrini to‘g‘ri anglay olmaslikdir.
O‘sha davrning markaziy shaharlari Madinada Abdulloh ibn Umar, Kufa shahrida Abdulloh ibn Mas’ud, Makkada Abdulloh ibn Abbos, Misrda Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumning fatvolariga odamlar amal qilar edilar.
Shundan so‘ng bu zotlarning shogirdlari ularning ishlarini davom ettirishdi. Fatvolarning asosiy kesimida ular o‘z imomlariga ergashdilar va ularning mazhablarini qo‘llab-quvvatladilar. Zamonlar o‘tishi bilan yigirmaga yaqin mazhab ichidan faqat mashhur to‘rttasi qoldi. Qolganlari rivoj topmay, ularning fatvolari ba’zi fiqhiy kitoblarda qoldi, xolos.
Bugun yoshlarimiz shuni yaxshilab anglamoqlari kerakki, mazhabga ergashish degani Qur’on va sunnatni qo‘yib, shaxsga ergashish degani emas. Balki bu aynan Qur’on va sunnatga ergashish sanaladi! Misol tariqasida sizning bel qismingizda qattiq og‘riq turdi. Shu darajada og‘riyaptiki, jasadingiz bukilib qoldi. Shu mahal siz dorixonaga borasizmi yoki mutaxassisga uchraysizmi? Yoki o‘zingiz belingizni nimaga og‘riyotganligini bilmagan holingizda dorixonaga borib, menga anavi dorini bering, deb iste’mol qilaverasizmi?
Holbuki, siz qaysi dori qanday kasalga shifo ekanini bilmaysiz-ku! Bunday paytda mutaxassis shifokorga borib, uning ko‘rigidan o‘tiladi. Shifokor sizning shikoyatingizni eshitib, so‘ng qo‘lingizga sizga zarur dorining nomini yozib beradi. Shundan so‘ng dorixonaga borib, tavsiya etilgan dorini olasiz. Ammo na siz, na dori sotuvchi u dorining tarkibini va nimadan tayyorlanganini bilmaydi.
Mazhab ulamolari biz uchun go‘yo tabibdir. Bizga qaysi oyat yoki qanday hadis shifo bo‘lishini ular biladi. Bu bir aqliy dalil edi.
Endi omi odam bir faqih ulamoga ergashib, muayyan bir mazhabda turmoqligi to‘g‘risidagi oyatlar bilan tanishamiz. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: «Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz!» .
Barcha ummat ulamolarining ijmosiga ko‘ra, Alloh taolo shu oyatda bir narsaning hukmini va uning dalilini bilmaydigan odamni yaxshi biladigan odamdan so‘rashga buyurmoqda. Demak, oddiy odam bilmagan narsasini biluvchi kishidan so‘rashi, u shaxsga nisbatan taqlid qilishini anglatadi. So‘rash ergashishni taqozo qiladi, ergashish esa – taqlidni.
Inson bilmasa, biladigan odamdan so‘raydi. Demak, har bir so‘raluvchi ergashiluvchidir.
Alloh taolo Kalomida bunday marhamat qiladi: «Ularga (jang maydonidan) omonlik yoki xavfli ish (xabari) kelsa, uni yoyib yuboradilar. Agar uni Payg‘ambarga yoki o‘zlaridan bo‘lgan amirlarga yetkazsalar, uni bilib olishni istovchilar o‘shalardan (so‘rab) bilaverar edilar. Agar sizlarga Allohning fazli va rahmati bo‘lmasa edi, ozchilikni hisobga olmaganda, (ko‘plaringiz) shaytonga ergashib ketgan bo‘lar edingiz» .
Imom Tabaroniy va Imom Qurtubiy, yana bir qancha mufassirlar mazkur oyatdagi “Ish egalari” jumlasini faqihlar va ahli ilmlar, deb tafsir qilganlar. Yuqoridagi har ikki oyati karimada Alloh taolo bandalariga o‘zlari bilmagan masalalarning javoblarini zikr ahli hisoblangan ulamolardan so‘rashga buyurmoqda.
Musulmonlar ushbu ilohiy farmonga bo‘ysunib, Payg‘ambarimiz zamonlaridan beri muayyan bir mazhabga taqlid qilib kelmoqdalar.
Alloh taolo kalomida bunday deb marhamat qiladi: «Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg‘ambardan) dinni o‘rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?!» .
Ushbu oyatda Alloh taolo barchani yoppasiga jihodga ketishdan qaytarib, bir toifa ilm egalarini diniy masalalarni chuqur o‘rganishlari uchun qolishlariga buyurdi. Toki urushdan mo‘minlar qaytib kelib, halol-harom haqida yoki e’tiqod masalalari to‘g‘risida ularga fatvo berishlari uchun deb qaydlab qo‘ydi. Demak, inson bir masalani bilmasa, yetuk ilm ahlidan so‘rashga buyurilmoqda.
Hozirda ayrim firqalar mazhabga ergashish yo‘q, deb da’vo qilmoqdalar. Yuqoridagi oyatlar esa buning aksiga dalolat qilmoqda. Xulosa qilib aytganda, mazhabga ergashish shariat ko‘rsatmasiga ergashishdir. Uni inkor qilish esa shar’iy ko‘rsatmalarga va butun Islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. O‘ylab ko‘rilsa, taqlid hamma narsada bor. Hatto hayvonlarda ham. Hayvon qanday yeb-ichishni, hatto qanday hojat qilishni ota-onasiga qarab o‘rganadi.
Qanday qilib bir musulmon dunyo va oxiratni belgilab beradigan dinida yo‘lboshchisiz, ustozsiz ketishi mumkin? Islom tarixida biror-bir mufassir yoki muhaddis yoxud faqih olimlarni bemazhab bo‘lgani ma’lum emas. Faqat mujtahid bo‘lsagina bundan mustasno.
Qur’on va sunnatdan har kim o‘zboshimchalik bilan hukm chiqarishining oxiri halokatdir. Zero, biz yuqorida aytganimizdek, bemor tabibga uchramasdan dorixonadan o‘zboshimchalik bilan dori olib, iste’mol qilib, so‘ng halok bo‘lganidek, bemazhablik ham xalokatdir.
Manbalar asosida tayyorlandi.

Nodir Asadov,
“Poyi ostona” masjidi imom-xatibi

Scroll to Top