Ehtiyot bo’laylik

Tilni tiyish taqvoning asosiy samaralaridan, insonni jahannamga oʼtin boʼlishidan saqlovchi muhim omillardandir. Shayton jahannamga oʼzi uchun ahl-sherik koʼpaytiradi. Har bir soʼzni aytayotganimizda, har qanday ish qilayotganimizda, ayniqsa din haqida, ilm ahllari haqida gapirib, yozib turganimizda oʼzimizni bir taftish qilaylik. Nafsimiz uchun gapiryapmizmi, kimgadir nimanidir koʼrsatib qoʼyish uchun yozyapmizmi, qalbimiz tub-tubida yashirinib yotgan riyo, ujub illatlarini ixlos bilan xaspoʼshlab video joylayapmizmi, yoki chindan ham xolis ishmi bular? Oʼzimizni sarhisob qilaylik. Har kim oʼzini taniydi, qalbidan oʼtayotgan kechinmalarni juda yaxshi biladi. Аlloh esa barchasidan xabardor zot!
Zohirda ixlosli koʼrinib, aslida maslahatni shaytoni laʼiyn bilan qilayotgan boʼlmaylik. Zohirda goʼzal amallarimizni koʼz-koʼz qilib, yolgʼiz qolganda Аlloh harom qilgan ishlardan tap tortmaydigan munofiqlardan boʼlib qolmaylik. U yoq-bu yogʼimizga qaraylik, tafakkur qilaylik. Oʼzimizni ham ayblashga, yoqamizdan tutib, «Ey osiy banda, sen shunchalik pokmisan? Falon-falon gunohlaringni unutdingmi? Аgar Аlloh oʼsha gunohlaringni kechirmasachi, ojizona qilayotgan xatoli amallaringni qabul qilmasachi… unda nima qilasan? Oxiratingdan shunchalik xotirjammisanki, boshqalar haqida gapira boshlading. Shu holda oʼlsang ahvoling nima boʼladi?» deyishga jurʼat topaylik. Ijtimoiy tarmoqlarga nazar soling. Shaytonning saltanatiga oʼxshab qolmadimi?
Аbdulloh ibn Muborak aytadilar: Vuhayb ibn Vard shunday degandi: «Hammaning oldida shaytonni soʼkib, yolgʼiz qolganda uning doʼsti boʼlishdan saqlan!».
Robbim gunohimizni kechirsin!

Ulugʼbek domla Jiyanov,
“Mir Аrab” oliy madrasasi mudarrisi

Scroll to Top