Vaqt eng qimmatli va eng tez sarflana digan ne’mat, yo‘qotgandan so‘ng qayta topib bo‘lmaydi. Shu sabab har bir lahzani unumli o‘tkazish, maqsadga yo‘naltirilgan holda foydalanish hayotda muvaffaqiyatga erishishning asosiy shartidir. Alloh inson hayotiga zarur barcha narsalarni, jumladan, umrini, vaqtini belgilab, hisoblab, chegarasi, qadr-qiymati bilan yaratadi. Bu haqda Qur’oni karimda xabar berib bunday deydi: “Uning dargohida har bir narsa o‘lchovlidir”. Islom dinida vaqtning qadri baland bo‘lgani uchun ham tongda erta uyg‘onishga targ‘ib qilingan.
Odamzodning kundalik hayoti erta tongdan boshlanishi, to quyosh chiqqunicha bo‘lgan vaqtda baraka borligiga alohida ahamiyat berilgan. Ba’zi donishmandlar “Manfurlikning alomati vaqtni zoye qilishdir”, “Vaqting ketdi — baxting ketdi”, degan. Ha, vaqtni g‘animat bilmaslik katta gunohdir. Vaqtning qadriga yetish, uni behuda sarflamaslik uchun nima qilish kerak? Avvalo, vaqtni his qilish uchun ma’naviy tafakkur zarur. Yaratgan-
ning bergan ne’matlari shukrini ado etishga bir insonning umri yetmaydi. Shundoq ekan, vaqtni zoye o‘tkazishga fursat yo‘q, azizlar! Behuda o‘tkazilgan har bir daqiqa oxiratda insonning zarariga hujjat bo‘lishini anglamog‘imiz shart.
Hasan Basriy rahmatullohi alayh hikmatlaridan birida bunday deyiladi: “Har kuni tong yorishganda Haq tomonidan bir jarchi “Ey odam bolasi! Men yangi kunman, sening barcha amalingga guvohman. Mendan solih amallar qilib foydalanib qol, chunki to qiyomatgacha qaytmayman”, deb jar soladi. “Qiyomat yaqinlashgan sari vaqt qisqaradi”, deydi. Ya’ni
ma’naviy nuqtayi nazardan vaqtning tez o‘tishi insonlar hayotida baraka, mazmun va haqiqiy foydali bandlik kamayishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ham vaqtning qadriga yetaylik, bir-birimizga muhabbatli bo‘lib yashash uchun vaqtimizni yaqinlarimizdan,
do‘stu birodarlarimizdan ayamaylik.
Jobir Elov,
Buxoro viloyati bosh imom-xatibi,
Mir Arab oliy madrasasi rektori



