Inson manfaatlari hamma narsadan ustun

Har bir davlat va jamiyatning rivojlanish oʼqi – inson manfaatlari, qadr-qimmati va huquqlarini taʼminlashdan boshlanadi. Inson manfaat-larini ustuvor deb bilish, bugungi kunda faqat siyosiy yoki huquqiy mezon emas, balki axloqiy, maʼnaviy va ijtimoiy barqarorlikning ham kafolati hisoblanadi. Zotan, barcha islohotlar va qarorlar inson hayotini yaxshilash, uning erkin va farovon yashashini taʼminlashga qaratilgandagina maʼnoga ega boʼladi.
Oʼzbekistonda oxirgi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʼlamli islohotlarning markazida aynan inson turadi. Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taʼbiri bilan aytganda, «Yangi Oʼzbekiston – av-valo, inson va uning qadr-qimmati ustuvor boʼlgan davlatdir.» Bu gʼoya amalda qonunlar, dasturlar, strategik qarorlar orqali hayotga tatbiq etilyapti. Taʼlim, tibbiyot, uy-joy, mehnat, ijtimoiy muhofaza, adolat – bu sohalarda insonning manfaatlarini taʼminlash eng asosiy maqsad etib belgilan- gan.
Inson manfaatlarini taʼminlash inson huquqlarini hurmat qilish va himoyalash bilan chambarchas bogʼliq. Biror jamiyat fuqarolarining soʼz er-kinligi, fikr bildirish huquqi, vijdon erkinligi, adolatli sud muhitini taʼminlamay turib, inson manfaatlariga xizmat qilolmaydi. Shu jihatdan Oʼzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish boʼyicha qabul qilingan Milliy strategiyalar, «Inson huquqlari boʼyicha Oʼzbekiston Respublikasi Milliy markazi» faoliyati ham ushbu ustuvorlikni mustahkamlamoqda. Har qanday ijtimoiy munosabatda inson oʼzini adolat muhitida his qilsa, u holda uning manfaatlari himoyalangan boʼladi.
Аdolat tuygʼusi yoʼq joyda inson manfaatlari zoʼravonlik, mansabparastlik, korruptsiya, oyoqosti qilishlar ostida qoladi. Shu bois, jamiyatda qonuniylik va tenglik asosida qaror qabul qilinishi muhim. Bu adolatli davlat tamoyilining asl mohiyatidir. Inson manfaatlarini taʼminlash nafaqat davlatning, balki jamiyatning har bir aʼzosining ham burchi hisoblanadi. Oilada, mahallada, ishxonada, taʼlim muassasasida inson shaʼnini himoya qilish, uning haq-huquqlarini taʼminlash, ehtiromda boʼlish – maʼnaviy va axloqiy madaniyatning belgisidir. Bu esa bir-birini qoʼllab-quvvatlaydigan barkamol jamiyat sari qadamdir.
Inson manfaatlari gʼoyasi jahon miqyosida ham ustuvor maqsad sanaladi. BMTning Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti meʼyorlari, Islom Hamkorlik tashkiloti qarorlari kabi xalqaro hujjatlarda inson qadri va manfaatlari markaziy oʼrinda turadi. Oʼzbekiston esa ushbu xalqaro standartlarni milliy qadriyatlar, din, urf-odat va maʼnaviyat bilan uygʼunlashtirib tatbiq etmoqda. Inson manfaatlarini ustuvor deb bilgan davlat – adolatli, barqaror va rivojlangan davlatdir. Inson manfaatlari himoya qilingan jamiyatda tinchlik, taraqqiyot, mehr-oqibat va inoqlik rivoj topadi. Shu bois, har qanday qaror, qonun yoki harakatning asosiy mezoni –“bu inson manfaatiga xizmat qiladimi?” degan savol boʼlishi lozim. Zotan inson — mavjudotning eng yuksak namunasi, barcha jarayon va maqsadlarning markaziy nuqtasi, hamda borliqdagi asil gʼoyaning ifodasidir.

Muhammad Аchilov, OʼMI Buxoro viloyat vakilligi huquqshunosi

Scroll to Top