Bag‘rikenglik islom dinining asosiy tamoyillari va axloqiy qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Islom dini musulmonlarni boshqa din vakillari bilan go‘zal muomalada bo‘lish, ularga nisbatan bag‘rikeng munosabat o‘rnatish va umumiy tamoyillarga asoslangan do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yishga undaydi.
Alloh taolo Qur’oni Karim Hujurot surasi 13-oyatda marhamat qilib aytadiki:
- Ey insonlar! Biz sizlarni bir erkak va bir ayoldan yaratdik hamda o‘zaro tanishishingiz uchun sizlarni xalqlar va qabilalar qilib qo‘ydik. Allohning nazdida eng hurmatligingiz taqvodoringizdir. Alloh biluvchidir, xabardordir.[1]
Alloh taolo butun insoniyatga xitob qilib, barcha insonlarni bir erkak (Odam alayhissalom) va ayoldan (Momo Havvodan) yaratganini, asli bir bo‘lgan odamlarning bir-birlari bilan tanishib, munosabatlar o‘rnatish, ma’rifat hosil qilishi uchun turli xalq va millatlarga bo‘lib qo‘yganining xabarini bermoqda.
Darhaqiqat, Islom dinida barcha insonlar tengdirlar, chunki Alloh taolo ularni bir ota va bir onadan yaratgan. Ular faqat taqvolari bilangina bir-birlaridan afzal, ustun bo‘lishlari mumkin. Kishilik jamiyatining o‘lchovlarida odatda insonlar nasl-nasabi, mol-dunyosi, jamiyatdagi mavqe-obro‘si, mansabi yoki aql-zakovatiga ko‘ra bir-birlaridan farqlanishadi. Ana shunday sifatlarga ega bo‘lganlar o‘zlarini boshqalardan bir pog‘ona yuqori tutib, o‘zlaridan pastroq darajadagilarni mensimayroq muomala qilishadi.
Islom dini nazdida odamlarning bari nasl jihatidan bir bo‘lganidan keyin ular faqat taqvodorliklari, ya’ni Allohdan qo‘rqishlari darajasiga qаrаb farqlanadilar, xolos. Bandaning har ishda, har qadamda Allohga yukunishi, o‘z hojatlarini Uning O‘ziga havola qilishi, Allohdangina qo‘rqishi, Uning rahmat va mag‘firatidan umidvor bo‘lishi uning taqvodorligiga, imon, ilm va salohiyatda peshqadam ekaniga dalolat qiladi. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Alloh suratlaringizga va mol-dunyolaringizga qaramaydi, balki qalbingizga va amalingizga qaraydi”, deyiladi (Muslim rivoyati). Boshqa bir hadisga ko‘ra, Rasululloh alayhissalom Abu Zarr G‘iforiy roziyallohu anhuga: “Nazar sol, agar sening taqvoda ortiqliging bo‘lmasa, qizildan ham, qoradan ham yaxshi emassan”, deganlar. Bu ma’nodagi hadislar juda ham ko‘p.
Naysoburiyning “Asbabun-nuzul” kitobida ushbu oyatning nozil bo‘lishi haqida quyidagi rivoyatlar keltirilgan: “Ibn Abbos aytadi: “Bu oyat Sobit ibn Qays haqida nozil bo‘lgan. U o‘ziga joy bermagan kishi haqida: “Falonchi ayolning o‘g‘li” degan edi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Falonchi ayolni zikr qilgan kim?” dedilar. Sobit turib: “Ey Allohning Rasuli, men”, dedi. U zot: “Odamlarning yuziga qara”, dedilar. U qaradi. U zot alayhissalom: “Ey Sobit, nimani ko‘ryapsan?” dedilar. U: “Oq, qizil, qoralarni”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sen ulardan faqatgina din va taqvo bilangina afzal bo‘lishing mumkin”, dedilar. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi”.
Muqotil shunday degan: “Makka fathi kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Bilolga Ka’baning ustiga chiqib azon aytishni buyurdilar. Shunda Itob ibn Usayd ibn Abu Ays: “Otam bu kunni ko‘rmasdan uning jonini olgan Allohga hamd bo‘lsin”, dedi. Horis ibn Hishom esa: “Muhammad muazzinlikka shu qora qarg‘adan boshqa kishini topolmadimi?” dedi. Suhayl ibn Amr esa: “Agar Alloh biror narsani xohlasa, uni o‘zgartiradi”, dedi. Abu Sufyon esa: “Men biron narsa demayman. Osmonning Parvardigori uni (Muhammadni) xabardor qilishdan qo‘rqaman”, dedi. Shunda Jabroil alayhissalom kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga
ularning gaplarini yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni chaqirib, aytgan gaplari haqida so‘radilar. Ular iqror bo‘lishdi. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni nozil qildi. Ularni nasablar bilan faxrlanishdan, molning ko‘pligi bilan g‘ururlanib-maqtanishdan va kambag‘allarni pisand qilmaslikdan qaytardi.[3]
Bu borada Xojagon Naqshbandiya tariqati vakillaridan Maxdumi A’zamning farzandlari Xoja Ishoq Vali ilmiy-ma’rifiy faoliyati ham bag’rikenglikning tasavvufdagi muhim omil ekanligini ochiqlaydi.
Xoja Ishoq Vali xotirasi o‘tkir, ko‘p tillarni biluvchi, kuchli ruhiy ta’sir quvvatiga ega inson edi. Xoja Ishoq bir necha bor Sharqiy Turkistonga boradi. Shuningdek, uning Tibet, Hindiston, Turkiya, Eron, Arabiston, Misr va Xitoyning ko‘pgina shaharlarida bo‘lganligi, islomning bag‘rikenglik g‘oyalariga tayanib, turli din vakillarining o‘zaro bir-birini to‘g‘ri tushunishi muhimligini ta’kid-laganligi, buddistlar, konfussiyachilar bilan muloqatlar olib borganligi haqida ko‘plab manbalarda hikoya qilinadi. Hatto uning Konfutsiy hikmatlarini ham turkiy va forsiy tillarga tarjima qilganligi haqidagi ma’lumotlar mavjud. Xoja Ishoq Vali o‘z ona tilidan tashqari fors, arab, hind, xitoy va uyg‘ur tillarini ham yaxshi bilgan, hindlar va xitoyliklar bilan tarjimonsiz muloqat qilishga uringan. Har safar suhbatdoshlari uni yaxshi tushunganligini ta’kidlashar edi. Xoja Ishoq o‘z otasi Maxdumi A’zam izidan borib, diniy va milliy kamsitishlarga yo‘l qo‘ymagan. Manbalarning shohidlik berishicha, uning muxlislari orasida budparastlar va yahudiylar ham bo‘lgan. Ko‘pgina budparast va dinsiz faqirlar musulmonchilik udumlarini qabul qilishgan.
Xoja Ishoq Vali otasi Maxdumi A’zamning “Din va muqaddas kitoblar inson uchun, uni odob-ahloqda kamolga yetkazish uchun berilgandir. Inson din uchun emas din inson uchun yaratilgandir” – degan o‘gitlariga qat’iy amal qilgan holda, naqshbandiya arkonlariga sadoqatli pir-murshid sifatida yurtda tinchlik va osoyishtalikni, dinlar orasida bag‘rikenglikni saqlashga vijdonan xizmat qilgan.
U turli din vakillari orasida muloqatlar olib borgan, hindular, tibetliklar, olovparastlar, budparastlar va hatto konfussiyachilar bilan ham muloqatda bo‘lib, ularning diniy qarashlaridagi umuminsoniy g‘oyalarni o‘rganish lozim deb hisoblaydi. Konfutsiyning hikmatlari inson kamolatida muhim rol o‘ynashini ta’kidlaydi va konfutsiya ta’limoti dindan ko‘ra katta ilm va falsafa ekanligini qayd etgan.
Xo‘ja Ishoq Vali turli din vakillari o‘rtasida bir-birini tushunish va o‘zaro murosa bo‘lishini xoxlar edi. Shu tufayli u hukmronlik qilgan viloyatlarda turli din va konfessiya vakillari o‘zaro ahil, tinch va osoyishta turmush kechirar, turli millatlar va elatlararo o‘zaro ittifoqchilik hukm surgan. Bunday yondashuv uning otasi Maxdumi A’zamning ta’limotida mavjud edi. Maxdumi A’zam xalq turli millat va elat vakillaridan tashkil topgan bo‘ladi, dindorlar esa turli dinlarga va mazhablarga e’tiqod qilishadi, turlicha urf-odat va an’analarga rioya etishadi. Ularning qay biri haq va qay biri nohaq ekanligiga hukm chiqarish huquqi biz bandalarga berilmagan, unga yaratguvchining o‘zi baho beradi. Shunday ekan, dinlar orasida, millatlar orasida o‘zaro ahillikni asrash hukmdorlarning asosiy vazifasidir. O‘zga millat vakillarini va o‘zga din qavmlarini kamsitmaslik lozim deb ta’kidlar edi. Shu tufayli Maxdumi A’zamning jamoaviy ma’ruzalariga turli din vakillari muntazam qatnashishgan va ular “bu musulmonning ma’ruzalarida haqiqat ruhi ufurib turadi, biz o‘z ruhoniylarimizdan ola olmagan ma’naviy ozuqani uning ma’ruzalaridan olamiz” – deb baralla aytishardi.
Xoja Ishoq ta’limoti diniy bag‘rikenglikni, ma’rifatparvarlik va insonparvarlikni targ‘ib etuvchi, inson qadr-qimmatini hamma narsadan ustun qo‘yuvchi ta’limotdir. Mutafakkir o‘z ta’limotini Movarounnahrda, Xurosonda Eronda, Sharqiy Turkiston, Hindiston va Xitoyda faol targ‘ib etgan. Uning ko‘plab shogirdlari – ustozining diniy bag‘rikenglik va insoniy mehr-muruvvat g‘oyalarini rivojlantirishni davom ettirishgan.[4]
Zero, Bahouddin Naqshband aytganlaridek: “Bizning yo’limiz suhbatdir. Xilvatda shuhrat, shuhratda esa ofat bordir. Xayr jamoat bilandir”.[5]
Foydalanilgan adabiyotlar:
- Qur’oni Karim.
- Tafsiri Irfon, 4-juz 127-Bet.
- https://www.muslim.uz/uz/e/post/33165-xoja-ishoq-vali-asarlarida-bag-rikenglik-g-oyasi?page=20&per-page=1
- Asrorova L. Tarqiatning yetti piri.T., “Tafakkur nashriyoti” 2021 y, 234-Bet.



