Islom hidoyatida tarbiya ko‘rgan, uning sof va pok buloqlaridan bahra olib ulg‘aygan musulmon kishi, jamiyatdagi barcha insonlarga foyda keltirishga, ulardan zararni daf qilishga harakat qiladi. Chunki u haqiqat, yaxshilik, fazilat kabi odob-axloq asosida tarbiya olgan, insonlarga yaxshilik qilish ikki dunyo saodatiga musharraf qilishini yaxshi anglaydi.
Farzandlarimizning ertalab turganida salom berib, xol-ahvol so‘rashidan tortib, ota yoki onasiga qanday murojaat qilishini ko‘rsatuvchi tartiblar sof islomiy tarbiyalardan hisoblanadi. Zero, bu talablar komil insonni voyaga yetkazishga qaratilgan. Komil inson nafaqat yaqinlariga, balki butun jamiyatga manfaat keltiradi.
Komillik mehr-muruvvat, adolat, to‘g‘rilik, vijdon, or-nomus, iroda, tadbirkorlik, matonat kabi ko‘plab asl insoniy xislat va fazilatlar majmuidir.
Ozod yurtning komil farzandi bilimli, yaxshi axloq, ma’naviy yetuklik bilan birga, mustaqillikni anglash va bu qadriyatlarni himoya qilish qobiliyatlariga ham ega bo‘lishi kerak. Shundagina, biz maqsad qilgan fuqarolik jamiyati shakllanib boradi.
Komil inson tushunchasi ozod va obod Vatanga fidoyi farzand bo‘lish mas’uliyati bilan bog‘lanib ketadi. Endi alohida-alohida yetuk shaxslar emas, balki komil insonlar avlodi tarbiyalanishi zarur.
Bugungi kunda, yosh avlodning ma’nan va jismonan kamol topishi yo‘lida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmokda. Ma’naviy va jismoniy tarbiya uzviy tushunchalardir.
Ma’naviyati qashshoq odam jismoniy tomondan qanchalik sog‘lom bo‘lmasin, hayoti, turmushi tanazzulga yuz tutib boradi. Yoki aksincha, kishi qanchalik olim, dono bo‘lmasin, jismoniy zaiflik uning turmushiga shikast yetkazishi mumkin. Shuning uchun jismoniy va ma’naviy tarbiyani uyg‘un olib borish yoshlarga ta’lim-tarbiya berish ishlarining asosidir. Ta’limning barcha yo‘nalishlarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlarning tag zamirida komil insonni tarbiyalash, shu orqali yangi, mustahkam fuqarolik jamiyati qurish g‘oyasi yotgani, bu maqsad yo‘lidagi ezgu harakatlar xalqimizni quvontiradi.
Darhaqiqat, komil inson jamiyat uchun faqat yaxshilikni ravo ko‘rishi, yomonliklardan tiyilmog‘i va boshqalarga aziyat berishdan uzoqda bo‘lishi kerak. Xaqiqiy musulmon yaxshi amallarni qilishda bardavom bo‘ladi, u har vaqt Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadislariga amal qilib boradi: «Sizlardan hech biringiz o‘ziga yaxshi ko‘rgan narsani birodariga ham ravo ko‘rmagunicha komil imonli bo‘lmaydi» (Muttafaqun alayh).
Demak, musulmon kishi o‘ziga sevimli bo‘lgan narsani boshqa birodarlariga ham bo‘lishini yaxshi ko‘rishi, ya’ni ularga foyda keltirish va ulardan har qanday zararni daf qilishi lozimdir.
Bugun mamlakatimizda hukm surayotgan tinchlik, xonadonimizdagi osoyishtalik, dasturxonimizdagi to‘kinlik Yaratganning biz bandalariga ko‘rsatayotgan cheksiz rahmati, fidoiy insonlarning elim-yurtim deb qilayotgan ezgu mehnatining samarasidir, desak aslo yanglishmaymiz. Zotan, har kuni, har soniyasini o‘zgalar korini oson qilishga, o‘ksiklarning ko‘nglini ko‘tarishga baxshida etadigan insonlar — chinakam fidoiylardir. Insonlar xizmatida bo‘lish, ularga imkon qadar yordam qo‘lini cho‘zish va hojatlarini ravo qilishda doimo sa’y-harakatda bo‘lish qanday saodat. Bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
«Banda, modomiki, birodari hojatini ravo qilar ekan, Alloh taolo uning hojatini oson qilishda davom etadi» (Tabaroniy rivoyati).
Ezgulikni faqat moddiy ko‘mak berish yoxud biror jismoniy yordam ko‘rsatish deb tushunish biryoqlama tasavvur bo‘lar edi. Zero, yaxshilikning cheki-chegarasi yo‘q. Mehrga, muruvvatga mushtoq ko‘ngillarni ziyorat etish ham bir yaxshilik. Jaloliddin Rumiyning qalb tavofini Ka’ba tavofidan mashaqqatli ekanini ta’kidlagani ham bejiz emas.
G‘olib Murotov,
Romitan tumani Xokimullomir jome’ masjidi imom-xatibi
Komil insonlar ko’paysin



