Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan allomalar hayoti, ijodi, ta’limotini asl holicha o‘rganish, undan xalqimiz va jahon hamjamiyatini bahramand etish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizdan yetishib chiqqan yirik tasavvuf namoyandalari ta’limotini chuqur o‘rganish, unda ilgari surilgan umuminsoniy g‘oyalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentimiz 2019 yil 29-30 mart kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida “Etti pir” haqida kitob yaratish, xojagon-naqshbandiya tariqati merosini o‘rganish bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab bergan edi. Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 maydagi farmoyishi bilan tasdiqlangan “2020 yilda Buxoro shahrining “Islom olami madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinishi munosabati bilan amalga oshiriladigan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’rifiy tadbirlar dasturi — “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, sharqshunos-manbashunos, tasavvufshunos,
islomshunos Komiljon RAHIMOV birinchilardan bo‘lib xojagon-naqshbandiya tariqati, Abduxoliq G‘ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo‘lgan ilk yetti pirning hayoti va faoliyati, ta’limoti va asosiy g‘oyalariga bag‘ishlangan bir necha kitoblar nashr qildi. Uning naqshbandiya pirlariga oid kitoblari Turkiya, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Iordaniyada chop etildi. Yosh olim bilan suhbatimiz xojagon-naqshbandiya tariqati va bu borada Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosining amaliy natijalariga bag‘ishlandi.
— Dastlab xojagon-naqshbandiya tariqatiga qanday asos solingani haqida so‘zlab bersangiz.
— Xojagon tariqatining asoschisi Xojai Jahon — Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy hazratlari ona yurtimizning ma’naviy, madaniy rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan ulug‘ allomalardan. U zoti sharif 1103 yil Buxoroyi sharifning G‘ijduvon tumanida tavallud topib, 1179 yil shu zaminda vafot etgan. Alloma tomonidan dastlab “xojagon” nomi bilan asos solingan, XIV asrdan boshlab — Bahouddin Naqshbanddan (1318-1389) keyin “naqshbandiya” nomi bilan keng tanila boshlagan xojagon-naqshbandiya tariqati islom olamida vujudga kelgan ilk so‘fiylik tariqatlaridan biri hisoblanadi. U aksariyat tariqatlardan farqli ravishda, paydo bo‘lgan vatani — O‘rta Osiyodan boshqa ko‘pgina o‘lkalarda ham tarqalgan. So‘fiylik tariqatlari orasida birinchilardan bo‘lib tarkidunyochilikka qarshi chiqib, ijtimoiy faol turmush tarzini targ‘ib qildi.
Xojagon-naqshbandiya tariqati tarkidunyochilik qilmay, bu dunyo ishlaridan oshkor qo‘l silkimay turib ham, musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari orasiga kirib borishini ta’minlagan. Bahouddin Naqshband ilgari surgan “dil ba yoru —
dast ba kor”, ya’ni “ko‘ngling Xudoda, qo‘ling ishda bo‘lsin”, degan ezgu shior zamirida umuminsoniy g‘oyalar, ma’naviy kamolot, botiniy poklik ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Bahouddin Naqshband hayotligidayoq bu tariqat mavqei ko‘tarilib, dunyo bo‘ylab yoyilib bordi. Ta’limot zamon talablariga mosligi, barchaga xosligi sababli oddiy xalqqa ham, hukmron sinf vakillariga ham ma’qul edi. Xojagon-naqshbandiya tariqati keng yoyilib, ko‘plab tarkidunyochi qalandar va darveshlar o‘z mehnati bilan kun ko‘rishga kirishdi va ijtimoiy faol hayotga qaytdi. Ular kasb-korni tark etmasdan turib ham Haq taolo ma’rifatiga erishish mumkinligini anglab yetdi.
Ana shunday yuksak ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati bois, bu ta’limot Bahouddin Naqshband vafotidan keyin yanada keng yoyildi. XV asrda Xoja Ahror Valiy (1404-1490) ushbu tariqatning eng yirik rahnamosi sifatida maydonga chiqdi. Xojagon-naqshbandiya ta’limoti adabiyot rivojida ham muhim o‘rin tutdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, So‘fi Olloyor kabi shoirlar ham naqshbandiya tariqatida edi. Ular ijodida naqshbandiya g‘oyalari keng va atroflicha targ‘ib etilgan.
— Bahouddin Naqshband va boshqa tasavvuf namoyandalarining hayoti, faoliyati va merosini o‘rganish borasida so‘nggi yillarda olib borilgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
— So‘nggi yillarida yurtimizda ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlarning tiklanishi, ulug‘ allomalar hayoti, ijodi, merosini o‘rganish jarayonida xojagon-naqshbandiya ta’limotini tadqiq va targ‘ib etishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Orif Revgariy, Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy, Xoja Ali Romitaniy, Xoja Muhammad Boboi Samosiy, Sayyid Amir Kulol, Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy, Maxdumi A’zam va boshqa so‘fiy allomalar mangu qo‘nim topgan qadamjolar obod etilib, butunlay yangi qiyofaga kirdi.
Buxoroda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi faoliyat yurityapti. Ushbu markaz tashabbusi bilan 2018 yildan buyon “Naqshbandiya” ilmiy-irfoniy, adabiy-ma’rifiy jurnali nashr etib kelinadi. An’anaviy tarzda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazida har yili sentyabr’ oyi uchinchi juma kuni Respublika naqshbandxonlik ilmiy-amaliy anjumani o‘tkaziladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 15 iyun’ kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash — davr talabi” mavzusidagi anjumanda so‘zlagan nutqida mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yo‘lida beqiyos xizmat qilgan aziz-avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmualari, ilmiy markazlar faoliyat ko‘rsatayotganini eslatar ekan, ular qoshida islom dinining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ilm olish, mutaxassis bo‘lishga tayyorlab boradigan ilmiy maktablar tashkil qilishni taklif etdi.
2017 yil 8 noyabrda Samarqand viloyatida hadis va kalom ilmiy maktablari, o‘sha yilning 10 noyabr’ kuni Qashqadaryo viloyatida aqida ilmi maktabi va Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi hamda 13 noyabr’ kuni Farg‘ona viloyatida islom huquqi maktabi ish boshladi. Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi huzurida ish boshlagan Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabida tinglovchilarga asosan naqshbandiya ta’limoti o‘rgatiladi. Shuningdek, yurtimizdan yetishib chiqqan va mamlakatimiz tarixida o‘ziga xos ijtimoiy-madaniy ahamiyat kasb etgan yassaviya, kubraviya hamda qodiriya tariqatlari o‘rganilishiga katta e’tibor qaratiladi.
— Manbalarda Bahouddin Naqshband, uning ta’limoti xususida naqshbandiy shayxlar to‘g‘risida talay asarlar yozib qoldirilgani qayd etilgan. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasida saqlanayotgan ana shunday manbalar va ularni tadqiq etish borasidagi ishlar haqida nimalar deya olasiz?
— Institutimiz qo‘lyozmalar xazinasida xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi va ta’limotiga doir ikki yuzdan ortiq qadimiy yozma manbalar saqlanadi. Jumladan, Saloh ibn Muborak Buxoriyning “Anis ut-tolibin va uddat as-solikin” (Toliblar do‘sti va soliklar ozug‘i) asarida Bahouddin Naqshbandning hayot tarzi, kashfu karomatlari va purhikmat so‘zlaridan namunalar berilgan. Shu muallifning
4 qismdan iborat “Manoqibi Xoja Bahouddin Naqshband” (Xoja Bahouddin Naqshbandning ezgu ishlari) asari ham bor.
Bulardan tashqari, Bahouddin Naqshbandning suyukli shogirdi Xoja Muhammad Porso yozib qoldirgan bir necha asar orqali valiylikning ta’rifi, Bahouddin Naqshbandning tariqatdagi ilk davri, suhbatlari va hikmatli so‘zlari bilan tanishish, islom aqidasi, ibodat, shariat va tariqat ahkomlaridan bahramand bo‘lish mumkin.
— Hozirgi kunda naqshbandshunoslik oldida turgan eng muhim vazifalar nimalardan iborat? Sharqshunoslik instituti olimlari bu borada qanday ilmiy-amaliy loyihalar ustida ish olib bormoqda?
— O‘zbekistonda yashab o‘tgan buyuk tasavvuf allomalari merosini yanada chuqurroq o‘rganish, tasavvuf tariqatlarining xalqimiz ma’naviyati, milliy mentaliteti va dunyoqarashining shakllanishi, shuningdek, o‘zbek mumtoz adabiyoti va san’ati taraqqiyotidagi rolini aniqlash bugungi kunda ilmiy jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalardir. Shu bilan bir qatorda, yurtimizda tasavvuf ta’limoti doirasida shakllangan umuminsoniy qadriyatlar, insoniy odob-axloq mezonlari, insonparvarlik va tinchlikparvarlik g‘oyalaridan yosh avlodni vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarga ehtirom ruhida tarbiyalashda hamda buzg‘unchi aqidaparast va diniy-ekstremistik g‘oyalarga qarshi turishda samarali foydalanish dolzarb ahamiyatga ega.
Eng muhimi, xojagon-naqshbandiya tariqatining muhim nazariy manbalaridan Abduxoliq G‘ijduvoniyning “Vasiyatnoma”, Xoja Muhammad Orif Revgariyning “Orifnoma” (Oriflar to‘g‘risida risola), Xoja Ali Romitaniyning “Risolayi Hazrati Azizon” (Hazrat Azizon risolasi), Saloh ibn Muborak Buxoriyning “Anis ut-tolibin va uddat us-solikin” (Toliblar do‘sti va soliklar quroli), Xoja Muhammad Porsoning “Qudsiya” (Qudsiy so‘zlar) va “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband” (Xoja Bahouddin Naqshband maqomlari) asarlarining ilmiy-izohli tarjimasi hamda tadqiqi amalga oshirildi va nashr bo‘ldi.
Bundan tashqari, Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband hayoti, faoliyati, ilmiy merosiga oid xorijiy mamlakatlardagi qo‘lyozma manbalar, ilmiy-tadqiqot va adabiyotlar haqidagi ma’lumotlarni jamlash va nashr etish, jumladan, Bahouddin Naqshbandning “Al-Avrod” (Bahouddin virdlari), “Dalil ul-oshiqin” (Oshiqlar dalili) va “Hayotnoma” asarlari qo‘lyozma nusxalarini xorijiy mamlakatlardagi qo‘lyozmalar xazinalaridan aniqlab, topib olib kelish va faksimile nusxasini tayyorlab, chop etish ham navbatdagi ishlar jumlasiga kiradi.
Hozirgi vaqtda tasavvuf va xojagon-naqshbandiya ta’limoti bilan bog‘liq barcha ziyoratgohlar haqida ilmiy-tarixiy ma’lumotnomalar chop etish, tasavvuf tarixi, nazariyasi va amaliyotiga bag‘ishlangan manbalarni ilmiy izohli tarjima qilib, ushbu tariqat pirlari asarlarining Buxorodagi qo‘lyozma nusxalari katalogini yaratish bo‘yicha bir qancha samarali ishlar olib borildi. Jumladan, “Movarounnahr tasavvufi ildizlari: tasavvuf ta’limotining shakllanishi va tizimlashtirilishi
(X-XI asrlar)” nomli kitobim o‘zbek, tojik, qozoq, turk, ozarbayjon va arab tillarida xorijiy o‘lkalarda nashr etildi.
— 2021 yilda naqshbandiya pirlariga oid 6 ta kitobingiz Anqara shahridagi “Fajr” nashriyotida turk tilida, 2019 yilda Tataristondagi Bulg‘or islom akademiyasida “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” nomli monografiyangiz rus tilida nashr etildi. Olim va muallif sifatida olib borgan izlanishlaringiz, mazkur asarlar haqida kengroq tushuncha bersangiz.
— Darhaqiqat, kamina, o‘lkamiz tasavvufi tarixining hanuzgacha e’tibordan chetda qolib ketgan muhim bosqichi bo‘lgan VIII-XI asrlarda, ya’ni xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelgunga qadar kechgan davrini umumiy tarzda bo‘lsa-da, yoritib berishga muvaffaq bo‘lganman. Shuningdek, mintaqaviy tasavvuf maktablaridan mustaqil bo‘lgan Markaziy Osiyo tasavvuf maktabi shakllangani va rivojlanganini isbotlashga harakat qildik. Olib borayotgan ishlarimizning muhim jihatlaridan yana biri shundaki, unda Markaziy Osiyo tasavvufining ilmiy-nazariy tabiatga ega bo‘lgani — so‘fiy ajdodlarimiz faqat so‘fiylik amaliyoti bilan shug‘ullanib qolmasdan, tasavvufga bag‘ishlangan ilmiy-nazariy asarlar yaratishga ham katta hissa qo‘shgani ko‘rsatib berilgan.
Markaziy Osiyodan chiqqan Hakim Termiziy, Kalobodiy Buxoriy va Mustamliy Buxoriy kabi tasavvuf nazariyotchilari asarlarining tasavvuf ta’limotini tizimlashtirishdagi roliga to‘xtalib o‘tish bilan birga, Mustamliy Buxoriy qalamiga mansub “Sharh at-Ta’rruf” asarining tasavvuf asoslariga bag‘ishlangan fundamental asar sifatidagi ahamiyati hamda uning o‘zidan keyingi so‘fiylik asarlariga ko‘rsatgan ta’sirini maxsus tadqiq etdim. Ushbu monografik tadqiqotlar nafaqat Markaziy Osiyo tasavvufi tarixining bizga yaxshi ma’lum bo‘lmagan davrini yoritish, balki ushbu davrning XII asrda vujudga kela boshlagan so‘fiylik tariqatlari, xususan, xojagon-naqshbandiya tariqatining shakllanishi uchun asos bo‘lib xizmat qilganini ko‘rsatib berish jihatidan ham ahamiyatli.
Yana shuni alohida ta’kidlashim joizki, 2021 yil naqshbandiya pirlariga oid olti kitob Anqara shahridagi “Fajr” nashriyotida turk tilida nashr etildi. Bu kitoblardan uchtasi — monografiya. Ular: “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir”, “Xojagon-naqshbandiya tariqati va iqtisodiyot”, “Movarounnahr tasavvufi ildizlari: ta’limotning shakllanishi va tizimlashtirilishi” nomli tadqiqotlar. Qolgan uch kitob esa “Oltin silsila”ning xojagon-naqshbandiya yetti
pirlari yozgan asarlar — “Vasiyatnoma”,
“Orifnoma” va “Risolai Hazrati Azizon”ga kamina tomonidan tayyorlangan ilmiy-izohli nashrlardan iborat.
Shuningdek, 2019 yili Bulg‘or islom akademiyasida (Rossiya, Qozon) “Tarikat xvadjagan-nakshbandiya i sem’ pirov” nomli monografiyam rus tilida nashr qilindi. Mazkur tadqiqotda tariqat pirlari, Abduxoliq G‘ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo‘lgan dastlabki yetti pirning hayoti va faoliyati haqida batafsil ma’lumot berilgan. Shuningdek, tariqatning paydo bo‘lishi va tarqalish tarixi, uning g‘oyaviy va ilmiy asoslari haqida tadqiqot natijalari taqdim etilgan. Tariqatlar paydo bo‘lishidan oldin, VIII-XI asrlardagi Markaziy Osiyo tasavvuf tarixi to‘g‘risida ma’lumot berilgan. Shu orqali Markaziy Osiyoda xojagon-naqshbandiya tariqatining paydo bo‘lishi tasodifiy emasligi va uning tarixiy asoslari mavjudligi isbotlab berilgan.
— 2019 yil 29 mart kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Buxoro viloyati G‘ijduvon tumaniga tashrifi davomida bu maskanlarni obod qilish bilan birga, “Etti pir” haqida kitob yaratish, ularning ilmiy merosini targ‘ib etish zarurligini ta’kidlagandi…
— Davlatimiz rahbari o‘sha tashrif doirasida “Bunday ma’naviy xazina boshqa hech qaerda yo‘q. Bu xazinani mukammal o‘rganish, odamlarga, yoshlarga oson tilda yetkazish kerak. Maqsadimiz — yoshlarimiz o‘zimizning
allomalarga ergashsin, merosini bilsin, ular bilan faxrlansin” degan edi. Prezident topshiriqlari ijrosi sifatida kamina tomonidan “Xojagon-naqshbandiya tariqati va yetti pir” nomli ilmiy kitob nashrga tayyorlandi va “O‘zbekiston” nashriyotida o‘n ming nusxada chop etildi. Kitobda ushbu tariqat asoschilari — Abduxoliq G‘ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo‘lgan yetti rahbar hayoti va faoliyati, ushbu ta’limotning ilmiy asoslangan manzarasi chizib berilgan. Markaziy Osiyo tasavvufining xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar bo‘lgan davri to‘g‘risida umumiy sharh berilgan. Mazkur monografik tadqiqot uch fasl ko‘rinishida shakllangan. Birinchi fasl: Markaziy Osiyo tasavvufi xojagon-naqshbandiyaga qadar bo‘lgan davr. Ikkinchi fasl: Xojagon-naqshbandiya tariqati. Uchinchi fasl: Yetti pir.
Fikrimizcha, ushbu tariqat bo‘sh joydan paydo bo‘lgan yoki to‘laligicha boshqa o‘lkalardan yurtimizga olib kelingan ta’limot emas. Markaziy Osiyoda uning vujudga kelishi uchun muayyan omillar va shart-sharoitlar azaldan mavjud bo‘lgan. Ushbu nuqtai nazarni isbotlash maqsadida kitobning birinchi faslida Markaziy Osiyo tasavvufining VIII-XI asrlarda, ya’ni tariqatlar, jumladan, xojagon-naqshbandiya tariqati vujudga kelguniga qadar bo‘lgan davrda kechgan tarixi to‘g‘risida umumiy sharh berilgan.
Ikkinchi faslda tegishli manbalar va tadqiqotlarni chuqur o‘rganish asosida ushbu tariqat pirlarining irodat silsilalari, tariqatning vujudga kelishi va keng tarqalishi tarixi hamda ta’limot asoslarining qisqacha, umumiy bo‘lsa-da, nisbatan aniqroq manzarasini tasvirlashga muvaffaq bo‘ldik. Yetti pir — xojagon-naqshbandiya tariqatining ilk yetti rahbari hayoti va ta’limotiga bag‘ishlangan uchinchi fasl ham yetti pir hayoti to‘g‘risida turli manbalar va adabiyotlardan olingan ma’lumotlarning quruq va tartibsiz yig‘indisi emas, balki chuqur tahlilga asoslangan holda shakllantirilgan. Manbalarga tayangan holda Abduxoliq G‘ijduvoniydan Bahouddin Naqshbandgacha bo‘lgan ilk yetti pirning tavallud va vafot sanalari, hayoti va faoliyati, ta’limoti va asosiy g‘oyalari to‘g‘risida nisbatan aniq va tizimli ma’lumot bera oldik.
Abduxoliq G‘ijduvoniy tavalludining 915 yilligi va Bahouddin Naqshband tavalludining 700 yilligiga armug‘on sifatida amalga oshirilgan ushbu tadqiqot xojagon-naqshbandiya tariqati tarixi va ta’limotini o‘rganish ishiga katta hissa bo‘lib qo‘shiladi, deb umid qilamiz.
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Gulichehra DURDIEVA suhbatlashdi.



