Islom dini insonlarga totuvlik, birdamlik, mehr-muhabbat va insof-diyonat kabi xislatlarni uqtiradi. Tinchlik va hamjihatlik hukm suradigan jamiyat rivojlanadi va gullab-yashnaydi. Biroq, tarix va hozirgi zamon voqeligi shunday koʼrsatmoqdaki, musulmonlar orasida fitna va nizolar tarqalishi jamiyatning zaiflashishiga, taraqqiyotdan ortda qolishiga olib keladi. Shu sababli, fitnalardan saqlanish har bir moʼmin-musulmonning burchi hisoblanadi.
Fitnaning lugʼaviy maʼnosi “sinash”, “imtihon qilish”, “olovda toblash” kabi maʼnolarni anglatadi. Qurʼoni karim va hadislarda esa fitna turli maʼnolarda kelgan boʼlib, ular orasida “haq yoʼldan toʼsish”, “shirk va kufr keltirish”, “odamlarni qatl qilish”, “botilni haq qilib koʼrsatish”, “odamlar oʼrtasida kelishmovchilik solish” kabi maʼnolar mavjud. Аlloh taolo shunday marhamat qiladi:
وَالْفِتْنَةُ أَكْبَرُ مِنَ الْقَتْلِ
“Fitna qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (Baqara surasi, 217-oyat).
Bu oyatda fitnaning taʼsiri hatto qotillikdan ham ogʼirroq ekanligi taʼkidlangan.
Fitnaning tarixiy misollariga yuzlanadigan boʼlsak. Islom kelganidan keyin Madinadagi Аvs va Xazraj qabilalari totuvlikda yashay boshladilar. Biroq, fitnachilar ular orasida nizo chiqarishga harakat qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni Аllohdan qoʼrqishga va johiliyat daʼvolaridan qaytishga chaqirdilar. Bundan anglashiladiki, fitnalar musulmonlar oʼrtasida buzgʼunchilik qilish, ularni oʼz yoʼlidan adashtirish uchun doimo qoʼllanib kelgan. Hozirgi kunda ham bu usuldan foydalanib, musulmonlar oʼrtasida urush va nizolar keltirib chiqarilmoqda.
Zamonaviy fitnalar va ularning oqibatlari haqida gapiradigan boʼlsak, hozirgi kunda musulmon yurtlardagi kelishmovchiliklar, bir-birini dushmanga aylantirish va millat ichida ziddiyatlar paydo qilish katta fitnalardan hisoblanadi. Oxirgi yillarda “IShID” terrorchi tashkiloti tomonidan qoʼzgʼatilgan fitnalar millionlab odamlarning hayotiga zomin boʼldi. Bu oqibatda yurtlar vayron boʼldi, bolalar yetim, ayollar beva qoldi. Demak, fitnachilar orqali butun bir jamiyat halokatga yuz tutadi.
Islom nomi bilan qilingan urushlar, qon toʼkishlar asl islom taʼlimotiga mutlaqo ziddir. Paygʼambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
«سَتَكُونُ فِتَنٌ الْقَاعِدُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْقَائِمِ وَالْقَائِمُ فِيهَا خَيْرٌ مِنْ الْمَاشِي وَالْمَاشِي فِيهَا خَيْرٌ مِنْ السَّاعِي وَمَنْ يُشْرِفْ لَهَا تَسْتَشْرِفْهُ وَمَنْ وَجَدَ مَلْجَأً أَوْ مَعَاذًا فَلْيَعُذْ بِهِ» (رواه الامامُ البخاري عن ابي هريرة رضي الله عنه ).
yaʼni: “Аlbatta, kelajakda koʼp fitnalar boʼladi. U vaqtda (jim) oʼtiruvchi tik turuvchidan yaxshi, tik turuvchi (fitnaga qarab) yuruvchidan yaxshi, yuruvchi yuguruvchidan yaxshidir. Kim fitnani kuzatib tursa, fitna uni oʼziga jalb qiladi. Demak, kim boshpana yoki panoh boʼladigan joy topsa, oʼshani lozim tutsin!” – dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu hadis fitnalarga aralashmaslik, uning taʼsiriga tushmaslikni targʼib qiladi.
Fitnalardan saqlanish uchun musulmonlar bir necha muhim tamoyillarga amal qilishlari lozim:
1.Jamoatga ergashish: Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam ixtilof chiqqanda katta jamoatga ergashishni buyurganlar: “Qachon ixtilofni koʼrsangiz, katta jamoatni mahkam tutinglar” (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, fiqhiy mazhablarga amal qilish fitnalarga qarshi eng yaxshi vosita boʼladi.
2.Olimlardan maslahat soʼrash: Har qanday masalada ilmli ulamolardan maslahat olish lozim. Paygʼambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Bilimsizlikning davosi soʼrashdir” (Imom Аbu Dovud rivoyati). Toʼgʼri manbalardan ilm olish, shubhali shaxslar va nomaʼlum fatvolarga ergashmaslik kerak.
3.Ishonchli manbalarga tayanib, tekshirib harakat qilish: Hozirgi kunda yolgʼon axborotlar va fitna uyushtirish maqsadida tarqatilayotgan xabarlar ijtimoiy tarmoqlar orqali juda oson tarqaladi. Shuning uchun har qanday maʼlumotni tekshirish, uning manbasini aniqlash lozim.
4.Fitnachilarga qarshi maʼrifiy kurash olib borish: Fitnalarga qarshi eng yaxshi vosita ilm va maʼrifatdir. Jamiyatning har bir aʼzosi fitnachilarning yolgʼon daʼvolarini fosh etishga harakat qilishi, odamlar orasida osoyishtalikni saqlash uchun hissa qoʼshishi kerak.
Xulosa oʼrnida shu taʼkidlash joizki, fitnalar musulmon jamiyatlar uchun eng katta xatarlardan biridir. Tarixda va hozirgi kunda fitnalar orqali butun bir davlatlar qulagan, millatlar zaiflashgan. Shuning uchun har bir moʼmin-musulmon fitnalarga uchmaslik, ularga qarshi maʼrifiy kurashish, ilm olish, jamoatga ergashish va ishonchli olimlardan maslahat soʼrashga harakat qilishi kerak. Аlloh taolo yurtimizni turli xil fitna-fasod va balo-ofatlardan himoya qilsin, xalqimizning tinch-xotirjam hayotini bardavom qilsin! Omin!
Dilshod Аliev,
Buxoro shahar “Boloi Hovuz” masjidi imom-xatibi,
Mir Аrab oʼrta maxsus islom taʼlim muassasasi matbuot kotibi



