Sayyid Amir Kulol quddusu sirruhu

Xojagon silsilasining oltinchi piri, «Amir Kalon» taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Sayyid Amir Kulol ibn Amir Hamza ibn Amir Ibrohim taxminan 680/1281 – yili Buxoro atrofidagi Afshina yoki Suxor qishlog‘ida dunyoga kelgan. U kishi ning payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam avlod idan bo‘lgan otasi Amir Hamza ibn Amir Ibrohim asli Hijozning Madina shahridan bo‘lib, Movarounnahrga ko‘chib kelgach Buxoro atrofida yashab qolgan.

Manbalarda Sayyid Amir Kulolning tavallud sanasi qayd etilmagan bo‘lsa-da, Sayyid Otaning taxminan uch-o‘rt yoshlardagi Amir Kulol bilan ilk uchrashuvi 683/1284 yili yuz berganidan kelib chiqqan holda, uning 680/1281-yili tavallud topganligini taxmin qilish mumkin.
«Maqomoti Amir Kulol»da yozilishicha, uning otasi Amir Hamza yassaviya tariqatining shayxi Sayyid Ota bilan yaqin munosabatda bo‘lib, ushbu shayx har safar Buxoroga kelganida u bilan uchrashardi. Xojagon-naqshbandiya tariqati manbalarida ta’kidlanishicha, Sayyid Amir Kulol hali onasining qornida ekanidayoq uning kelajakda pokiza va buyuk bir inson bo‘lishi ma’lum bo‘lib, onasi har safar halolligiga shubha bo‘lgan biror narsani yeb qo‘yganida ichida qattiq og‘riq paydo bo‘lardi. Oradan bir oz vaqt o‘tib, Sayyid Amir Kulol olamga keladi. U taxminan uch-to‘rt yoshga kirgan chog‘larida – 683/1284 yili Sayyid Ota kelib, sallasining yarmini yechib, uning boshiga o‘raydi-da, uning kelajakda sayru sulukda yuksak maqomlar va martabalarga erishishini so‘rab duolar qiladilar.
Sayyid Amir Kulolning so‘fiylik yo‘liga kirishini aytib, unga oq fotiha bergan kishi yassaviya tariqati shayxi Sayyid Ota bo‘lsa-da, uni amalda so‘fiylik yo‘liga olib kirib, sayru sulukda unga murshidlik qilgan kishi xojagon silsilasi piri Xoja Muhammad Boboyi Samosiy bo‘ldi. Xoja Muhammad Boboyi Samosiyga murid tushgan Sayyid Amir Kulol yigirma yil davomida uning murshidligida sayru suluk bosqichlarini bosib o‘tadi va uning eng yetuk xalifasiga aylanadi. Samosiy olamdan o‘tganidan keyin esa tariqat rahbarligini o‘z zimmasiga oladi.
Sayyid Amir Kulol ko‘plab kishilarni o‘z tariqatiga kirgizishga muvaffaq bo‘ladi. Manbalarda uning muridlari soni bir yuz o‘n to‘rtta bo‘lib, ularning barchasi sayru sulukda kamolga yetganliklari to‘g‘risida ma’lum qilinadi. Sayyid Amir Kulol umri bo‘yi biror marta ham o‘z tug‘ilib-o‘sgan diyoridan tashqari chiqmagan bo‘lsa-da, «Maqomoti Amir Kulol» muallifi uning Markaziy Osiyoning Turkiston, Hijozning Makka va Madina shaharlari hamda Rum o‘lkasida ham ko‘plab muridlari bo‘lganligini ta’kidlaydi. Sayyid Amir Kulol o‘z ta’limotini yoyish maqsadida Buxoro va uning atrofidagi qishloqlar, jumladan, Suxoridan tashqari bir muddat Nasaf shahriga borib yashagan.
Sayyid Amir Kulol tarjimayi holidagi muhim o‘rinlardan biri uning xojagon-naqshbandiya tariqatining yirik vakili, ushbu tariqatning xojagoniya bosqichidan keyin kelgan naqshbandiya bosqichining boshlovchisi Xoja Bahouddin Naqshbandga bevosita murshid bo‘lganligidir. Yuqorida eslatib o‘tilganidek, Sayyid Amir Kulol piri Xoja Muhammad Boboyi Samosiy topshirig‘iga ko‘ra yosh Bahouddin Naqshbandni suluk yo‘lida tarbiyalashni o‘z zimmasiga oladi. Bahouddin Naqshband bir necha vaqt uning xizmatida bo‘lib, sayru suluk bosqichlarini bosib o‘tgach, unga endi xojagoniya yoki yassaviya tariqatlari shayxlaridan ma’qul kelgan birortasi huzurida ta’lim olish va sulukda davom etishi mumkinligini aytadi .
Sayyid Amir Kulol ham o‘z pirlari kabi bir kasbning etagini tutib, o‘z mehnati orqali tirikchilik qilishni afzal biladi. Manbalar uning kulolchilik bilan shug‘ullanganligi, shu sababdan ham Kulol taxallusini olganligi to‘g‘risida guvohlik berishadi.
Sayyid Amir Kulol tarjimayi holidagi muhim va qiziq o‘rinlardan yana biri u bilan Amir Temur (736/1336-807/1405) o‘rtasidagi munosabatdir. «Maqomoti Amir Kulol»da Sohibqiron hokimiyat uchun kurash boshlagan paytlarida Sayyid Amir Kulolning huzuriga kelib, haqqiga xayrli duo so‘ragani, «Matlab ut-tolibin»da esa bu paytda Sayyid Amir Kulol uni ma’naviy farzandlikka – muridlikka qabul qilib, uning tarbiyasini o‘z xalifasi Shayx Shamsiddin Kulolga topshirgani to‘g‘risida hikoya qilinadi. Shu bilan birgalikda, u Amir Temurni taqvo va adolatni o‘z hayotining maksadiga aylantirishga chaqiradi.
Sayyid Amir Kulolning Amir Burhon, Amir Shoh, Amir Hamza va Amir Umar nomli to‘rt o‘g‘li bo‘lib, ularning barchasi so‘fiylik yo‘liga kirgan edi. Otasi o‘z xalifalariga ushbu to‘rt o‘g‘lini sayru suluk bosqichlarini bosib o‘tishda rahnamolik qilishga buyurarkan, Amir Burhonning tarbiyasini Xoja Bahouddin Naqshbandga, Amir Shohning tarbiyasini Shayx Yodgorga, Amir Hamzaning tarbiyasini Xoja Orif Deggaroniyga va Amir Umarning tarbiyasini Jamoliddin Deh Osyobiyga topshiradi.
Sayyid Amir Kulol hijriy-qamariy 772 yilning 8 jumodil avvali – milodiy 1370 – yilning 28 noyabrida Suxor qishlog‘ida olamdan o‘tib, shu qishloqda dafn etiladi.
«Maqomoti Amir Kulol» muallifi Sayyid Amir Kulol xalifalarining soni judayam ko‘p bo‘lganligini ta’kidlab, quyidagi ketma-ketlikdagi yetti kishi–Mavlono Orif Deggaroniy, Xoja Bahouddin Naqshband, Jamoliddin Deh Osyobiy, Shayx Yodgor, Xoja Shayx Darazuniy, Mavlono Jamoliddin Keshiy va Shayx Shamsiddin Kulolni uning eng sara xalifalari sifatida eslatib o‘tadi. Biroq «Rashahot ayn al-hayot»da Sayyid Amir Kulolning quyidagi ketma-ketlikdagi to‘rt xalifasi bo‘lganligi eslatiladi: Xoja Bahouddin Naqshband, Mavlono Orif Deggaroniy, Shayx Yodgor va Shayx Jamoliddin Dahistoniy. «Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband»da keltirilishicha, Sayyid Amir Kulol Xoja Bahouddin Naqshband va Mavlono Orif Deggaroniyni o‘z xalifalari orasida eng buyuklari deb biladi, vafotidan oldin esa barcha muridlariga Xoja Bahouddin Naqshbandga ergashishni buyuradi.
Sayyid Amir Kulol xojagon silsilasining o‘zidan oldin o‘tgan pirlari ta’limotini targ‘ib etish, jumladan, Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy davridan boshlab joriy etilgan zikri jahriyni qo‘llashda davom etdi. Shuningdek, «Maqomoti Amir Kulol» asarida uning so‘fiylik shartlari va odoblari hamda ayrim so‘fiyona tushunchalar borasidagi quyidagi qarashlari aks etgan:
Shariat. Sayyid Amir Kulolning ta’kidlashicha, tariqat asosini shariatga rioya qilish tashkil etadi. Ya’ni, uning fikricha, so‘fiylik shariat asosiga quriladi. U boshqa bir o‘rinda o‘z izdoshlarini shariatga ergashishdan bir qadam ham chekinmaslikka chorlar ekan, bu yo‘lda imon, namoz, ro‘za, zakot va haj ilmlari bilan birga ota-onaga xizmat qilish, qo‘shnilarga mehr-oqibat ko‘rsatish, savdo-sotiq ilmlarini ham o‘rganish lozimligini ta’kidlaydi .
Sayru suluk. Sayyid Amir Kulol sayru sulukdagi soliklarning quyidagilarni amalga oshirishi lozimligini aytadi: ixlos – xudoning amrlariga xilof narsalardan xalos bo‘lish uchun bajariladigan amal; xavf – xudoning g‘azabidan najot topish uchun bajariladigan amal; halol luqma yeyish – qalb va tilni poklash uchun bajariladigan amal; tavba – barcha toatning boshi bo‘lib, qilgan gunohi uchun chin yurakdan pushaymon bo‘lish va gunoh ishni boshqa qilmaslikka ahdi qilish ko‘rinishida amalga oshadi; irodat – xudoning yodi bilan yashash, yomon odatlardan voz kechish, ahdga vafo qilish, omonatga xiyonat qilmaslik, o‘zini aybdor hisoblab yurish bilan birgalikda amalga oshiriladi; zikr – doimiy tarzda xudoni eslab yurish va har bir ishni uning nomi bilan boshlash ko‘rinishidagi amal.
Suluk odoblari. Sayyid Amir Kulol so‘fiylik yo‘liga kirgan kishi shaxsiy hayotida rioya qilishi lozim bo‘lgan odob-axloq mezonlari to‘g‘risida ham so‘z yuritadi. Jumladan, u o‘z muridlarini, yuqorida eslatilgan ota-onaga xizmat qilish va qo‘shnilarga mehr-oqibat ko‘rsatish kabi xislatlarga ega bo‘lishdan tashqari kasb-kor bilan shug‘ullanish, o‘z mehnati bilan kun ko‘rish hamda o‘zi va oilasining ehtiyojini qondiradigan darajada daromad topishga, shuning bilan birgalikda isrofgarchilikdan ehtiyot bo‘lishga chaqiradi.
Yuqorida ko‘rib o‘tganlarimizdan shunday xulosaga kelish mumkinki, Sayyid Amir Kulolning xojagon-naqshbandiya tariqati taraqqiyotidagi roli, birinchidan u tomonidan mazkur tariqatdagi sayru suluk shartlari va odoblariga muayyan qo‘shimchalar kiritilishidan iborat bo‘lsa, ikkinchidan, u Xoja Bahouddin Naqshbandning bevosita murshidi sifatida tariqatning yuksalishiga sabab bo‘lgan ushbu yettinchi pirning maydonga kelishiga katta hissa qo‘shdi, uchinchidan esa hokimiyat uchun kurash boshlagan Amir Temur bilan o‘rnatilgan munosabatlar vositasida xojagon-naqshbandiya tariqatining hukmron sinflar bilan bevosita aloqasini boshlab berdi.

Sayyid Amir Kulol ziyoratgohi hududida keng ko‘lamda ishlar olib borildi. Jumladan: Sayyid Amir Kulol qabrlari 2008 – yilda qayta qurilgan bo‘lib, atrofida ayvon barpo qilindi. Zamonaviy yozgi ayvon, 500 kishili yangi masjid, 50 o‘rinli oshxona, 50 kishi sig‘imli tahoratxona, 2 ta kirish darvozasi va 285 metrli devorlar qurib ta’mirlandi.
“Sayyid Amir Kulol” ziyoratgohi kiraverishida avtoturargoh zamonaviy hamda barcha qulayliklari bilan ziyoratchilar va yurtimiz mexmonlari uchun xizmat qilayotir! Ziyoratgoh qoshida joylashgan 30 kishiga mo‘ljallangan zamonaviy mexmonxona to‘liq bitkazilib, yurtimiz mehmonlari uchun topshirildi.
Allohga hamdlar bo‘lsinkim, hur zamonamiz sabab ushbu majmualar yurtimiz mehmonlari hamda mahalliy aholi uchun xizmat qila oladigan, salobatli va viqorli ziyoratgohlar qatoridan o‘rin oldi.

Kogon tuman “Sayyid Amir Kulol”
jome’ masjidi imom-xatibi
Jaloliddin Saburov

Scroll to Top