Bismillahir rohmanir rohim
Hozirgi kunda yashab turgan jamiyatimizda ham aldov, oʼzgalarning molini nohaq yoʼllar bilan oʼzlashtirish, firibgarlik, zoʼravonlik, oʼz joniga qasd qilish kabi jinoyatlar va loqaydlik kabi salbiy illatlar tez-tez sodir boʼlib turmoqda. Аjdodlari dinu diyonat, axloqu odob, or-nomus, halolu poklikni oʼzining gʼururi deb bilgan oʼzbek xalqining avlodlaridan mazkur jinoyatlarga qoʼl urayotganlarning uchrayotgani achinarli holdir. Bu illatlarga ergashishlikni ajdodlarimiz ӯzlariga or deb bilishgan. Dinimizda insonning joniga, moliga, shaʼniga nohaq tajovuz qilish ogʼir gunoh sanaladi.
Hadisi sharifda qoʼyidagicha taʼkidlangan: “Kim birodarining obroʼsiga yoki biror narsasiga zulm qilgan boʼlsa dinor va dirham foyda bermaydigan kun (qiyomat) kelishidan oldin haqqini halollab olsin. U kunda agar yaxshi amali boʼlsa yetkazgan zulmi miqdoricha savobi olinadi va agar savobi boʼlmasa birodarining gunohidan olib uning boʼyniga yuklanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Oʼzgalarning moliga, joniga tajovuz qilish, moddiymi, maʼnaviymi qaysi koʼrinishda boʼlishidan qatʼiy nazar biror insonga zarar yetkazish, uning tinchligi va omonligiga xavf solish oʼzgalarga nisbatan xiyonatdir.
Аbu Saʼid r.a. aytadilar: Men Rasululloh s.a.v.ni shunday deganlarini eshitdim: “Qaysi biringiz munkar ishni koʼrsa qoʼli bilan qaytarsin, agar qurbi yetmasa tili bilan, agar unga ham qodir boʼlmasa qalbi bilan yomon koʼrsin va u imonning eng zaifidir” (Imom Muslim rivoyati). Demak shu yurtda istiqomat qilayotgan har bir inson tinchlik uchun masuldir. Beparvolik hech bir musulmonga yarashmaydi. Аlbatta birdam, boʼlsak hamjihat boʼlsak hayotimiz nurafshon boʼlishiga sababchi boʼlamiz.
Ravshan Kamolov,
Buxoro shahar Xӯja Аbdulloh Safedmuy masjidi imom-xatibi



