Vaqtning qadriga yetish,musulmonning fazilatlaridan

Bismillahir rohmanir rohiym

Alhamdulillah, vaqt – bu Alloh taoloning bandalariga ato etgan eng ulug‘ ne’matlaridan biridir. Alloh taolo Qur’oni Karimda vaqtga qasamyod qiladi: «Asr (vaqt)ga qasamki, albatta inson ziyondadur…»

Bu oyat bizga vaqtning naqadar muhim ekanligini bildiradi. Alloh o‘zi qadrli bo‘lmagan narsaga qasam ichmaydi.

Vaqt – orqaga qaytmaydigan boylikdir.

Biz mol-dunyoni yo‘qotsak, mehnat qilib qayta topishimiz mumkin. Ammo vaqt o‘tgach, uni hech qanday yo‘l bilan orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Har kuni tongda bizga yangi bir sahifa ochiladi, bu sahifa har bir nafasimiz bilan to‘lib boradi. Kimdir bu sahifani ibodat, ilm, foydali ishlar bilan to‘ldiradi, kimdir esa uni bekorchilik, gunoh, o‘yin-kulgi bilan…

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam aytadilar:

«Ikki ne’mat bor, odamlarning ko‘pchiligi ularda aldangan: salomatlik va bo‘sh vaqt.»

 Vaqt qachon qadrli bo‘ladi?

1. Yoshlikda – Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh aytganlar: «Yoshliging – bu xazinadir. U yo‘qolgach, uni qaytarib bo‘lmaydi.»

2. Salomatlikda – Salomatlik – amal qilish uchun ne’mat. Kasal bo‘lganda ko‘p ishni qila olmaymiz.

3. Band bo‘lmagan vaqtda – band bo‘lmagan paytda ilm, ibodat, kitob o‘qish, nasihat qilish kerak.

4. Hayotda – O‘lim kelgach, inson: “Yana bir oz vaqt bersa edi…” deb noliydi. Lekin kech bo‘ladi.

Alloh taolo Qur’onda shunday deydi: «Ularning har biriga ajal (muayyan muddat) bordir. Ajal kelganida, na bir lahza kechiktiriladi va na oldinga suriladi.»

Xulosa va nasihat

Ey musulmon birodarim! Bugungi kuning – eng qimmatli boyligingdir. Har bir tong Allohning senga bergan yangi imkoniyatidir. Undan foydalanuvchi – najot topadi. Uni isrof qilgan – ziyon ko‘radi.

Vaqt – mo‘min uchun yoki hujjat, yoki uzr bo‘ladi. Bugun vaqtini Alloh yo‘lida o‘tkazgan kishi qiyomatda yengil bo‘ladi. Bekor o‘tkazgan esa afsus chekadi.

Alloh taolo bizni vaqtning qadriga yetadigan, uni foydali ilm va solih amallarga sarflaydigan bandalardan qilsin. Omin.

Romitan tuman Yozda Ahmad Vali jome masjidi imom-xatibi Sharipov Qamariddin

Scroll to Top