Xoja Bahouddin Naqshband haqida 10 haqiqat

1. Bahouddin Naqshband 1318 yilning mart oyida Buxoro yaqinidagi Qasri Hinduvon qishlog‘ida tug‘ilib, 1389 yilning 1 mart kuni vafot etgan va tug‘ilib o‘sgan qishlog‘ida tuproqqa topshirilgan.

2. Bahouddin Naqshband allomaning unvoni va kasb nomi bo‘lib, uning to‘liq ismi Xoja Bahouddin Muhammad ibn Muhammad Naqshband Buxoriydir.

3. Xoja Bahouddin yoshligidan otasi bilan birga naqshbandlik (matoga gul bosish) hunari bilan mashg‘ul bo‘lganligi sababli «Naqshband» kasb nomini olgan.

4. Alloma islom olamida «Xojayi Buzurg» («Buyuk Xoja»), «Bahouddin Naqshband», «Shohi Naqshband» («Naqsh bosuvchi shoh») nomlari bilan mashhur bo‘lgan.

5. Bahouddin Naqshband xojagon silsilasining Sayyid Amir Kuloldan (taxm. 1281–1370) keyingi yettinchi piri, xojagon-naqshbandiya tariqatining ikkinchi – naqshbandiya bosqichi boshlovchisidir.

6. Bahouddin Naqshband xojagon silsilasi pirlaridan Xoja Muhammad Bobo Samosiy (taxm. XIII a. o‘rt. –1335), Sayyid Amir Kulol (taxm. 1281–1370) va Mavlono Orif Deggaroniy (XIV a.), shuningdek yassaviya tariqati shayxlari Xalil Ota (VIII/XIV a.) va Qusam Shayx (VIII/XIV a.) huzurida so‘fiylik ta’limini olgan.

7. Bahouddin Naqshband o‘zidan «Qudsiya» («Qudsiy so‘zlar»), «Avrod ul-bahoiya» («Bahouddin virdlari»), «Avrodi sag‘ir» («Qisqa virdlar»), «Voridot» («Ko‘ngildan o‘tgan o‘ylar»), «Dalil ul-oshiqin» («Oshiqlar dalili») va «Hayotnoma» nomli asarlar hamda turli asarlar tarkibidan joy olgan so‘fiyona ruboiylar qoldirgan.

8. Bahouddin Naqshband xojagon-naqshbandiya tariqati asoschilari Xoja Yusuf Hamadoniy (1048–1140) va Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy (taxm. 1103–1179) tomonidan ishlab chiqilgan 8 rashhaga yana 3 rashha qo‘shib, ularning sonini 11 taga yetkazgan.

9. Bahouddin Naqshband so‘fiy bo‘lish uchun albatta kasb-kordan voz kechib, uzlatga chekinish shart emasligini uqtirib, dil ba yor-u dast ba kor (ko‘ngling Allohda, qo‘ling esa ishda bo‘lsin) qoidasini o‘rtaga tashlagan.

10. Bahouddin Naqshband tug‘ilib-o‘sgan Qasri Hinduvon (Hindlar qasri) qishlog‘i ushbu alloma sharofati bilan Qasri Orifon (Oriflar qasri) deb atala boshlagan.

Tuzuvchi: Komiljon Rahimov, O‘zR FA Sharqshunoslik instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori, manbashunos.

Scroll to Top