Yaxshilikning mevasi

O‘zgalarga yaxshilik qilish mo‘minning mo‘minlik xislati. Bu xislat Alloh taoloning roziligini topishning oson yo‘llaridan biridir. Yaxshilik qilganlarni Alloh taolo o‘z fazli bilan bu dunyoda ham oxiratda ham mukofotlaydi. Bu borada Alloh taolo aytadi: “Taqvoli zotlarga: “Robbingiz (O‘z payg‘ambariga) nimani tushirdi?” deyilganida ular: “Yaxshilikni”, deyishadi”. Bu dunyoda yaxshilik qilganlar uchun chiroyli mukofot bo‘lur”. (Nahl, 30)

Yaxshilikning katta–kichigi, ozi-ko‘pi bo‘lmaydi. Odamlarga ozor yetkazmaslik ham aslida yaxshilik, yetim–miskinlarni taomlantirish ham yaxshilik, yo‘ldagi ozor beruvchi narsalarni olib tashlashlik ham yaxshilik, xullas, Alloh taolo va uning rasuli nimani yaxshilik deb aytgan bo‘lsa, bari yaxshilikdur. Ana shu yaxshilikni qilgan odam ikki dunyo saodatiga erishadi.

Abu Zarr G‘iforiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh alayhissalom menga: “Yaxshilikdan birortasini past sanamagin, agar u birodaringa ochiq yuz bilan qarash bilan bo‘lsa ham”, dedilar. (Imom Muslim rivoyati) Yana boshqa hadisda: “Har bir yaxshilik sadaqadir”, deyilgan. (Imom Buxoriy rivoyati) – Yaxshilik borasida juda ko‘p ibratli so‘zlarni uchratish mumkin. Muhammad Zehniy: Yaxshilik keng fe’lli, yaxshi axloqli bo‘lish, ilm olish va Allohga ibodatda boshqalarga o‘rnak bo‘lishdir. Odamlarning yaxshirog‘i o‘z qalbida yaxshilikka yo‘l ochgani va yomonlikni, ochko‘zlikni haydab chiqarganidir” degan.

Yaxshilik va muloyimlik daraxtini ekkan omonlik va xotirjamlik mevasini terib oladi. Yovuzlik urug‘ini sepgan pushaymonlik hosilini yig‘ib oladi. Kim qilgan yaxshiligi yoki amali bilan maqtansa, savobidan mahrum bo‘ladi. Zero, yaxshilik qilishdan ko‘zlangan maqsad savob olish bo‘lishi kerak.

Husayn Voiz Koshifiy aytadi: “Go‘zal fe’l atvorning nishonasi o‘ntadir va bularning birinchisi boshqalarga yaxshilik qilishdir”. Sa’di She’roziy yozadilar: “Bir sham boshqa bir shamni yoqqani bilan nuridan hech narsa kamaymaydi”. Abdulloh ibn Abbos bunday deganlar: “Yaxshilik haqida o‘ylash, o‘sha yaxshilikni qilishga undaydi, yomonlikka pushaymon bo‘lish esa o‘sha yomonlikni tark etishga chaqiradi”.

Yaxshilik qilishga shoshilish kerak, chunki Payg‘ambar alayhissalom: “Kimga yaxshilik qilish eshigi ochilsa, foydalanib qolsin, zero, uning qachon yopilishini bilmaydi”, deganlar. Bu dunyo hayoti o‘tkinchi, hech kim qachon vafot topshini aslo bilmaydi, shuning uchun bugun hayot ekanmiz yaxshilik qilmog‘imiz darkor.

Odil Sadilloev,
Buxoro Shahar Xalifa Xudoydod jome’ masjidi imom-xatibi 

Scroll to Top