Yettipir hikmatlari.

Yetti pir hikmatlari - Markaziy Osiyodagi eng buyuk so‘fiylar nasihatlarini o‘zida jamlagan bebaho ma’naviy merosdir.

Abduxoliq G‘ijduvoniy:

Oliyjanoblar ahlidan bo‘l va Haq taolo senga nima bersa, xalqqa ehson qil![1]

Fiqh va hadis ilmini o‘rgan, johil so‘fiylardan yiroq bo‘l, moling fiqh kitoblari bo‘lsin!

Alloh taolo senga in’om etgan ne’matlardan xalqqa ehson qil![2].

Seni maqtasalar g‘ururlanma, malomat qilsalar ranjima!  

Insonlardan hech narsa ta’ma qilma!

Xalqning seni maqtashi bilan yomonlashi sening nazaringda bir xil bo‘lsin hamda xalqning malomatidan ranjima[3].

Oliyjanob va saxiy bo‘l!

Xoja Orif Revgariy:

Pok va pok e’tiqodli bo‘l! Zero chirkin ko‘ngil butun a’zoi badanni harom qilgay! 

Qur’oni karim va hadisi sharifdan keyin mashoyixlar o‘gitini tingla! Chunki, ularning nasihati qalbning tavfiqi va taqvo sababchisidir.

Bu dunyoda vujuding bilan va oxiratda esa qalbing bilan bo‘l!

Zikr oriflar taomidir.

Xoja Mahmud Anjirfag‘naviy:

Zikr barcha yaxshilik va baxtu saodatlarning kalitidir.

Allohning yodi (zikr) dilni yolg‘ondan asraydi.

Allohning zikri kishini g‘iybatdan, harom luqmadan va qalbni shubhadan asraydi.

Zikr ko‘zni xiyonatdan va harom narsalarga boqishdan, ko‘ngilni riyo va manmanlikdan asraydi.

Xoja Ali Romitaniy:

Mag‘iz danakning himoyasida bo‘ladi. Danakka nuqson  yetsa,  mag‘izga  ham  ta’sir  qiladi.  Agar  shariatga nuqson yetsa, tariqatga ham zarar yetadi[4].

Xoja Muhammad Bobo Samosiy:

Qalbni foydasiz fikr va tuyg‘ulardan muhofaza qiling!

Sayyid Amir Kulol:

Olimlarga yaqinlashing, chunki ular ummatning mash’allaridir[5].

Xoja Bahouddin Naqshband:

“Dast ba koru dil ba yor”  – “Qo‘ling mehnatda, diling Allohda bo‘lsin”.

Ichda doim oshno bo‘l, tashda tut begonadek,

Bu kabi zebo ravish kam topilur dunyoda ham[6].

Bizning yo‘limiz suhbatdir. Xilvatda shuhrat, shuhratda esa ofat bordir. Xayr jamoat bilandir.

Orifning qalbidek keng va katta narsa yo‘q. Yer va osmonlar Orifning qalbiga nisbatan bir nuqta kabidir.

Qalblarning buyukligi aslida bir. Lekin ulardagi ma’rifat farqli.

Agar do‘st aybiga boqsak, do‘stsiz qolamiz, hech kim dunyoda beayb emas.

Biz Allohning lutfi bilan (ma’nan) nimaga erishgan bo‘lsak, Qur’oni karim oyatlari va hazrat Payg‘ambar alayhissalom hadislariga amal qilganligimizdandir.

Xudodan qo‘rqing va shariat qoidalariga doimo rioya qiling!

Ahli sunna val jamoa e’tiqodiga amal qiling!

Bid’atlardan yiroq yuring[7].

Bizga ko‘ra xirqa emas, hirfa (maslak, kasb-hunar) muhimdir[8].

Sabr va chidamda nog‘ora kabi bo‘lmoq lozimki, u qanchalik zarba yemasin, o‘z odatiga nomuvofiq ovoz chiqarmaydi[9].

Shamga o‘xshagin, toki hammaga ravshanlik bag‘ishla, o‘zing esa qorong‘ida bo‘l![10].

Imon – qalbni Allohdan boshqa o‘ziga rom etuvchi foydali va foydasiz narsalardan uzib, Haqqa bog‘lashdir.

“Anjumanda xilvat – “zohir yuzidan xalq bilan va botin tarafidin Haq subhanohu taolo bilan bo‘lmoqdir”[11].

Xalqning yukini yengillashtiring, xalqqa yuk bo‘lmang![12].

Chumoliga ham, odamga ham ozor bermang, najot yo‘li shudir![13].

Har qaerda, har kim va har qanday ish bilan band bo‘lmang!

Doim qalb zikri bilan mashg‘ul bo‘ling, biroq bundan hech kim voqif bo‘lmasligi lozim[14]

                     Qanday yaxshi og‘izsiz qalbdan kulmoq,

                   Ko‘zsiz qalb ko‘zi bilan butun dunyoni ko‘rmoq.

                   O‘tirib-turib qaragin va kuzatgin, juda yaxshidir,

                   Oyoqlarning minnatisiz butun olamni kezmoq[15].


[1] Abdulxoliq G‘ijduvoniy. Vasiyatnoma. 10-bet.
[2] Abdulxoliq G‘ijduvoniy. Vasiyatnoma. 11-bet.
[3] Abdulxoliq G‘ijduvoniy. Vasiyatnoma. 12 bet.
[4] Xoja Ali Romitaniy. Sharhi risolai azizon. – 157, 161, 235-bet.
[5]Mavlono Shahobiddin. Ogohiyi Sayyid Amiri Kulol. (G‘ulom Mustafo Xon nashrga tayyorlagan). Karachi, 1961. – 49, 56-57-betlar.
[6] Saloh ibn Muborak. Anis ut-tolibin va uddat us-solikin.
[7] Ya’qub Charxiy. Risolai unsiya (M.Nazir Rancha n.t.). Islomobod, 1983.  14-bet.
[8] Muhammad ibn Nizom Xorazmiy Arzangiy. Sharhi risolai azizon.  – Islomobod: Ganjbaxsh kutubxonasi, №8739. – B. 210.
[9] Muhammad Boqir. Maqomoti Bahouddin Naqshband.
[10] Muhammad Boqir. Maqomoti Bahouddin Naqshband.
[11] Saloh ibn Muborak. Anis ut-tolibin va uddat us-solikin. 36-bet.
[12] Faxriddin Ali Safiy. Rashahot ayn ul-hayot.
[13] Muhammad Boqir. Maqomoti Bahouddin Naqshband.
[14]Xoja Porso. Risolai qudsiya. Buxoro: Buxoroi sharif, 1327. – B.74.  
[15]Faxriddin Ali Safiy. Rashahot ayn ul-hayot. 22-bet.  

Scroll to Top