Qurʼoni karim – barcha zamonlar va makonlar osha oʼz dolzarbligini yoʼqotmaydigan, insonlaring abadiy saodatga erishishlari uchun Аlloh taolo tomonidan yuborilgan dasturul amal kitobdir. Unda ahkomlar, nasihatlar, qissalar, zarbul masallar va gʼaybga doir masalalar keltirilganki, bashariyatning aqli bu maʼnolarning hammasini toʼliq qamrab olishga ojizdir. Qurʼoni karimga tafsir yozgan mutafakkir olimlar har zamon va har makonda undan yangi maʼnolar chiqarib oladilar va bu hech qachon tugamaydi. Chunki, bu Аlloh taoloning barchani ojiz qoldiruvchi kalomidir. Ushbu kalom kattayu kichik barcha masalalarni qamrab olgan yoʼl-yoʼriqlar majmuasidir, shu jumladan, unda insonning maʼnaviy dunyosi va axloqiga doir bir qancha koʼrsatmalar keltirilgan.
Аlloh taolo oʼz kalomini bashariyatga yetkazish uchun ularning orasidan Muhammad sollallohu alayhi vasallamni tanlab oldi va U zot orqali Qurʼonga qanday amal qilish kerakligini ummatga koʼrsatib berdi.
وَ اِنَّكَ لَعَلَى خُلُقٍ عَظِيمٍ
“Va albatta, sen ulkan xulqdasan ”. Qalam surasi 4 oyat
Tafsiri Nasafiyda bu oyat tafsirida shunday keltirilgan: “Muhammad sollallohu alayhi vasallam Qurʼondagi barcha oliyjanob xulqlarni jamlaganlar. U zot ikki dunyoning eng afzali va oʼz yaratuvchisiga tavakkal qilgan zotdir ”.
Oisha roziyallohu anhodan rasullullohning xulqlari toʼgʼrisida soʼralganda:
عن عاىشة رضي الله عنهما قالت: كان خُلْقَه القُرْانُ رواه مسلم
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xulqlari Qurʼon edi”, dedilar.
Bu bizga Rasulullohning barcha xulqlari Qurʼonga muvofiq va Аlloh rozi boʼlgan xulqlar ekanini bildiradi. Qurʼoni karim ilohiy taʼlimot boʼlsa, uni bashariy tatbiqi Rasulullohning sunnatlari va siyratlarida mujassam boʼlgan edi. Qurʼonga amal qilish Rasulullohga toʼliq ergashish bilan boʼladi. Shunday ekan, ummatning kattayu kichik barchasi U zotdan namuna olib najotga erishadilar.
Bugungi global taraqqiyot davrida mafkuralar toʼqnashuvlariga va maʼnaviy inqirozlarga guvoh boʼlib turibmiz. Diniy va milliyligimizga yot boʼlgan, axloqiy qadriyatlarimizga zid boʼlgan odatlar xavf solmoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlardan qattiq taʼsirlanadigan yosh avlod tarbiyasi bugunning eng dolzarb masalasidir. Ijtimoiy tarmoqlarda yoshlarni oʼzligini yoʼq qiladigan, toʼgʼri yoʼldan ozdirib ongini zaharlaydigan koʼplab kanallar mavjud. Yosh avlodning tarbiya topib kamolotga erishishlari uchun biz murojaat qiladigan manbamiz albatta Qurʼoni karim va sunnati nabaviydir.
Yosh avlodni kamol topishlari uchun Qurʼoniy axloqlardan eng muhim va zarurlaridan rostgoʼylik, ilmga intilish va sogʼlom tafakkur malakasini shakllantirishdir.
اَللَّهُ لاَ اِلَه اِلَّا هُوَ لَيَجْمَعَنَّكُمْ اِلَى يَومِ الْقِيَامَةِ لَا رَيْبَ فِيهِ و من اصدق من الله حديثا
“Аllohdan oʼzga iloh yoʼq. U zot albatta qiyomat kuni hammangizni bir joyga toʼplaydi. Аllohdan koʼra rostgoʼyroq kim bor”. Niso surasi 87-oyat
Аlloh taolo rostgoʼylikni birinchi oʼziga nisbat berdi. Tafsiri Nasafiyda shunday keltirilgan: “Yaʼni, vaʼdasida, xabar berishida Аllohdan rostgoʼyroq hech kim yoʼq, deganidir. Yolgʼon – voqeʼlikni aksini xabar berish va xunuk ish boʼlgani uchun Аlloh taologa qoʼllash imkonsizdir ”.
Аlbatta, yosh avlod mafkurasiga rostgoʼylikni singdirish eng muhim amal hisoblanadi. Oʼtgan asrlarda ajdodlarimiz dunyo sivilizatsiyasi tizginini qoʼllarida tutganlarida aldov va xiyonatdan uzoq boʼlgan edilar. Yoshlar dastlabki davrlaridan rostgoʼylikka odatlansalar va har qanday vaziyatda ham yolgʼon ishlatmasalar, jamiyatda bir-birini aldash va xiyonat topilmasa bunday jamiyat shubhasiz peshqadamga aylanadi.
Yosh avlodni kamol topishiga xizmat qiladigan omillardan biri ilmga intilishdir.
«فَتَعَالَى اللَّهُ الْمَلِكُ الْحَقُّ وَلَا تَعْجَلْ بِالْقُرْأنِ مِنْ قَبْلِ اَنْ يُقْضَى اِلَيْكَ وَحْيُهُ وَ قُل رَّبِّ زِدْنِي عِلْماً»
“Haq va Hukmdor boʼlgan Аlloh oliy zotdir. Uning vahiysi tugamasdan Qurʼonga shoshilma. Va ayt: ey Robbim ilmimni ziyoda qilgin”. Toho surasi 114-oyat
Аlloh taolo mazkur oyatda ilmni ziyoda qilishni mendan soʼranglar demoqda. Ilm qancha ziyoda boʼlsa shuncha yaxshi. Chunki ilm cheksiz va inson umri esa qisqa.
قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَ الَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ اِنَّمَا يَتَذَكَّرُ اُولُوا الْاَلْبَابِ
“Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng boʼlurmi? Аlbatta aql egalari eslatma olurlar.” deyilgan. Zumar surasi 9-oyat
Imom Moturidiy ushbu oyat tafsirida “Аlloh taoloning neʼmatlarini tanishda va neʼmatni shukrini ado qilishda, unga isyon qilishdan va azobidan hazar qilishda biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng emas ”, deyilgan.
يَرْفَعِ اللَّهُ الَّذِينَ آمَنُوا مِنْكُمْ وَ الَّذِينَ أُوتُوا الْعِلْمَ دَرَجَاتٍ
“Аlloh sizlardan iymon keltirganlar va ilm berilganlarni darajalarga koʼtarur”, deb marhamat qildi. Mujodala surasi 11-oyat
Tafsiri Bayzoviyda shunday keltirilgan: “bu yerda ilm va amalni jamlaganlar nazarda tutilgan. Ilm qadri nechogʼli baland boʼlishi bilan birga unga amal qilishni taqozo qiladi ”.
Yoshlarni yuksak maʼrifatli va mafkuraviy immunitetga ega holatda tarbiyalash uchun ilm bilan toʼyintirish shart boʼladi. Zamonaviy dunyoda ham ilmga oldinroq katta eʼtibor qaratgan davlatlar texnologiyalarda ham, ijtimoiy munosabatlarda ham oldinlab ketganlarini guvohi boʼlib turibmiz. Ertaga kelajagimiz porloq boʼlishi uchun bugun yoshlarimiz kuchli bilimga ega boʼlishlari kerak, chunki najot ilmdadir.
Yosh avlodni kamolotiga sabab boʼladigan omillardan biri bu mustaqil fikrga ega boʼlishdir.
Yoshlarimiz jamiyatda shaxs boʼlib yetishishlari uchun ularda toʼgʼri fikrlash qobiliyatini shakllantirish juda muhimdir. Zero tafakkursiz xalqlar boshqa xalqlarga qaram boʼlishga majbur boʼladilar. Zero Qurʼoni karimda tafakkurga chorlaydigan, aql yurgizishni talab qiladigan bir qancha oyatlar kelgan.
Аnʼom surasida kelgan qissada Ibrohim alayhissalom butlarga sigʼinadigan oʼz qavmini aql yurgizish orqali tavhidga dalolat qiladi.
اَلَّذِينَ يَذْكُرُونَ اللَّهَ قِيَاماً وَ قُعُوداً وَ عَلَى جُنُوبِهِمْ وَ يَتَفَكَّرُونَ فِي خَلْقِ السَّمَاوَاتِ وَ الْاَرْضِ رَبَّنَا مَا خَلَقْتَ هَذَا بَاطِلاً سُبْحَانَكَ فَقِنَا عَذَابَ النَّارِ
“Tik turgan, oʼtirgan va yonboshlagan hollarida Аllohni zikr qiladilar va yeru osmonlarni yaratilishida tafakkur qiladilar va aytadilarki: “ey Robbim bularni bekorga yaratmading, Oʼzing poksan, bizni doʼzax azobidan qutqar”. Oli Imron 191-oyat. Tafsiri Jalolaynda. Yeru osmonlar yaratilishida tafakkur qilish bularni yaratuvchisining qudratiga dalolat qiladi ” deyilgan.
Qurʼonni tilovat qilganda tafakkur va tadabbur bilan oʼqish tilovatning eng baland darajasidir. Tafakkur bilan Аllohni tanib iymon keltirish, taqlid qilib iymon keltirishdan afzal hisoblanadi.
Yosh avlodni toʼgʼri fikrlashga oʼrgatish kelajakda katta ishlarning muqaddimasi hisoblanadi. Chunki, fikrlab aql yuritgan inson albatta yangilik topadi. Insonni Аlloh moʼʼjiza qilib yaratgan. Inson fikrlasa va fikrlashni odat qilsa, vaqt oʼtishi mobaynida katta natijalarga erishadi. Yosh avlodni mustaqil fikrga ega qilib tarbiyalash uchun ularda avvalo toʼgʼri fikr yuritish malakasini shakllantirish kerak boʼladi.
Jamiyatimiz bugun ilmli yoshlarga juda muhtoj. Sogʼlom fikr ham jamiyat taraqqiyotining asosiy omillaridandir. Biz yoshlarimizni rostgoʼy, ilmli, yuksak tafakkurli qilib tarbiyalasak, ularda qurʼoniy fazilatlarni aks ettirgan boʼlamiz va buning samarasini albatta koʼramiz.
Jobir domla Elov
Buxoro viloyati bosh imom-xatibi,
Mir Аrab oliy madrasasi rektori



