
Zamonaviy tahdidlar va ogohlik
Bugungi globallashuv va axborot oqimi jadallashgan davrda inson ongi va qalbi uchun kurash tobora keskinlashib bormoqda. Ayniqsa, yoshlar turli buzg‘unchi g‘oyalar, yolg‘on diniy da’vatlar va ekstremistik targ‘ibotlarning asosiy nishoniga aylanmoqda. Bunday murakkab sharoitda jamiyatni zo‘ravonlik, adovat va mutaassiblikdan asrash uchun kuchli ma’naviy tayanch zarur. Ana shunday tayanchlardan biri – tasavvuf ta’limotidir.
Tasavvuf islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini o‘zida mujassam etgan, insonni poklik, sabr, bag‘rikenglik va mehr-oqibatga chorlovchi ma’naviy maktabdir. U kishini avvalo o‘z nafsi, manmanligi va jaholatiga qarshi kurashishga da’vat etadi. Shu jihatdan tasavvuf zo‘ravonlikni emas, tinchlikni, adovatni emas, muhabbatni, jaholatni emas, ma’rifatni targ‘ib qiladi. Bu esa uni terrorizm va ekstremizmga qarshi eng kuchli ma’naviy qalqonga aylantiradi.
O‘zbekiston qadimdan tasavvuf ilmi rivojlangan, buyuk mutasavviflar yetishib chiqqan muqaddas zamin hisoblanadi. Ushbu diyorda shakllangan ma’naviy muhit asrlar davomida xalqimizni totuvlik, sabr-toqat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalab kelgan. Tasavvufiy qadriyatlar milliy mentalitetimiz bilan uyg‘unlashib, jamiyatda barqarorlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilgan.
Bugungi kunda esa ekstremistik oqimlar islom dinini noto‘g‘ri talqin qilib, yoshlarni zo‘ravonlikka undashga urinmoqda. Ular dinni siyosiy qurolga aylantirib, begunoh insonlar hayotiga tahdid solmoqda. Bunday xavfli g‘oyalarga qarshi kurashishda faqat huquqiy choralar yetarli emas. Eng samarali yo‘l – yoshlar qalbida sog‘lom e’tiqod, mustahkam ma’naviyat va to‘g‘ri diniy tushunchani shakllantirishdir.
Ana shu jarayonda tasavvufning tarbiyaviy va ma’rifiy ahamiyati beqiyosdir. U insonni o‘z ustida ishlashga, sabrli va kechirimli bo‘lishga, jamiyatga foyda keltirishga undaydi. Tasavvufiy ta’limot asosida tarbiyalangan shaxs zo‘ravonlik va mutaassiblik yo‘lini tanlamaydi, balki tinchlik va bunyodkorlik tarafdori bo‘lib yetishadi.
Shu bois «Tasavvuf – terrorizmga qarshi ma’naviy qalqon» mavzusi bugungi kunda alohida dolzarb ahamiyat kasb etadi. Ushbu mavzu orqali yoshlarni islomning asl mohiyati bilan tanishtirish, ularni radikal g‘oyalardan himoyalash va jamiyatda tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlash muhim vazifa hisoblanadi. Tasavvufga tayangan holda shakllangan ma’naviy ong esa mamlakatimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligining mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qiladi.
DIN NIQOBIDAGI TAHDIDLAR
Din niqobidagi buzg‘unchi harakatlar o‘z g‘arazli maqsadlarini amalga oshirishda muayyan tushunchalarni mafkuraviy qurol qilib olgan. Ushbu tushunchalarning mazmun-mohiyatini anglash ma’naviy hushyorlikni oshiradi:
- Mutaassiblik (fanatizm): Ma’lum bir mafkura yoki qarashlarga ko‘r-ko‘rona, hissiyotlarga berilib ergashish hamda boshqa har qanday fikrga mutlaqo toqat qila olmaslik. Diniy mutaassiblik – qandaydir tushuncha yoki e’tiqodga sodiqlikning eng ashaddiy darajasi bo‘lib, u jamiyatda ijtimoiy karaxtlik va jaholatni keltirib chiqaradi. Mutaassiblik diniy ekstremizm va terrorizm uchun zamin tayyorlovchi birinchi va asosiy sababdir.
- Ekstremizm: Siyosat va mafkurada ashaddiy, favqulodda keskin harakat va qarashlarga tayanish. Ekstremizm mazmuniga ko‘ra diniy va dunyoviy turlarga bo‘linadi. Siyosiy ekstremizm ko‘pincha «demokratiya» yoki «adolat» niqobi ostida balandparvoz shiorlar bilan chiqib, mavjud davlat tuzumini ag‘darishni maqsad qiladi. Mutaxassislar XIII asrda minglab odamlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan «inkvizisiya» faoliyatini ham ekstremizmning o‘ziga xos ko‘rinishi sifatida baholaydilar.
- Aqidaparastlik (dogmatizm): Muayyan tushunchalarni o‘zgaruvchan hayotiy sharoitlarni hisobga olmasdan, tanqidiy tekshirmasdan ko‘r-ko‘rona qabul qilish. Bu usul tafakkurning qotib qolishiga va ilmiy bilishga zid ravishda nazariya bilan amaliyotning uzilib qolishiga sabab bo‘ladi. Aqidaparastlik hukm surgan joyda doimo turg‘unlik va tushkunlik vujudga keladi.
- Terrorizm: Siyosiy raqiblarni, muxoliflarni yo‘qotish yoki qo‘rqitish, aholi o‘rtasida vahima va dahshat uyg‘otish maqsadida amalga oshiriladigan qurolli zo‘ravonlik harakatlaridir (portlatish, garovga olish, qotillik). Terrorizmning ildizlari uzoq tarixga, masalan, XI asr oxirida Eronda yuzaga kelgan «hashshoshiylar» oqimiga borib taqaladi. Bugungi kunda u narkobiznes, qurol-yarog‘ savdosi va separatizm bilan chatishib ketgan global xatardir. 1992-yilda dunyo bo‘yicha 362 ta terrorchilik hodisasi qayd etilgan bo‘lsa, hozirda bu raqam yiliga 600-650 tadan oshib ketmoqda.
Ushbu buzg‘unchi tushunchalar yoshlarning ongu shuurini zaharlashga va ularni o‘z Vataniga, oilasiga qarshi qo‘yishga xizmat qiladi. Shuning uchun «Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyili asosida bu g‘oyalarning asl muddaolarini fosh etish dolzarb vazifadir.
DINIY EKSTREMIZMNING TARIXIY ILDIZLARI VA ZAMONAVIY TAHDIDLARI
Diniy ekstremizm insoniyat tarixida turli davrlarda turli shakllarda namoyon bo‘lib kelgan murakkab ijtimoiy-siyosiy hodisadir. Uning ilk ko‘rinishlari islom tarixining dastlabki asrlariga borib taqaladi. Jumladan, 657-yilda xalifa Ali ibn Abu Tolib (r.a.) qo‘shinidan ajralib chiqqan xorijiylar harakati diniy masalalarda haddan oshish, murosasizlik va zo‘ravonlikni oqlash orqali jamiyatda parokandalik keltirib chiqargan.
Keyingi davrlarda ham diniy g‘oyalardan siyosiy maqsadlarda foydalanish holatlari kuzatilgan. XI asr oxirida Eron hududida shakllangan hashshoshiylar harakati hokimiyatga erishish va raqiblarni yo‘q qilish uchun suiqasd va terror usullaridan keng foydalangan. Bu esa diniy niqob ostida zo‘ravonlikni «halol» deb ko‘rsatishning xavfli an’analarini yuzaga keltirdi.
XIII–XIV asrlarda yashab ijod qilgan Ahmad ibn Taymiyaning ayrim fikrlari keyinchalik noto‘g‘ri talqin qilinib, «soxta salafiylik» kabi radikal oqimlarning shakllanishiga zamin yaratdi. Aslida, bu qarashlar muallifning umumiy ilmiy va diniy merosidan uzib olinib, ekstremistik maqsadlarga moslab talqin qilindi.
Bugungi kunda esa diniy ekstremizm global miqyosda jiddiy xavf tug‘dirayotgan omillardan biriga aylangan. Xususan, Al-Qoida, ISHID, Jabhat an-Nusra kabi tashkilotlar islom dinining asl insonparvarlik, tinchlik va adolat tamoyillarini buzib talqin qilish orqali yoshlarni o‘z safiga jalb etishga urinmoqda. Ular zo‘ravonlik, qo‘rquv va beqarorlikni tarqatish orqali siyosiy va mafkuraviy ustunlikka erishishni maqsad qilgan. Masalan, Al-Qoida 1988-yilda Usoma ben Loden tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, dunyoviy tuzumlarni «kufr» deb e’lon qilgan va 2001-yil 11-sentabrdagi terakt kabi global terrorchilik amaliyotlarini sodir etgan. Bu tashkilot yoshlarni zo‘ravonlik yo‘liga undash orqali ekstremistik qarashlarni tarqatadi.
Hizbut-tahrir esa 1953-yilda Taqiyiddin Nabahoniy tomonidan asos solingan. U dunyoviy davlat tamoyillari, demokratiya va konstitutsiyani inkor qiladi hamda «xalifalik» tuzumini o‘rnatish uchun uch bosqichli maxfiy kurash olib boradi. Bu guruh zamonaviy siyosiy ekstremizmning asosiy manbalaridan biridir.
2014-yilda tashkil etilgan ISHID Abu Bakr al-Bag‘dodiy boshchiligida xalifalik e’lon qilib, islomiy va insoniy tamoyillarga zid qonunlarni joriy qilgan. Ular Mosul markaziy kutubxonasidagi 10 mingdan ortiq nodir kitoblarni yoqib yuborib, qadimiy yodgorliklarni vayron qilgan. ISHIDning faoliyati ekstremizmning eng xavfli va halokatli zamonaviy ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘ladi.
Mazkur ekstremistik oqimlar nafaqat ayrim mintaqalar, balki butun dunyo xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Terrorchilik hujumlari, qurolli to‘qnashuvlar, noqonuniy migratsiya va inson hayotiga bepisand munosabat global barqarorlikka putur yetkazmoqda. Eng xavflisi, bu g‘oyalar asosan yoshlar ongini zaharlashga qaratilgani bilan alohida xavotir uyg‘otadi.
O‘zbekiston uchun ham diniy ekstremizm tahdidi muhim masala hisoblanadi. Mamlakat tinchlik, totuvlik va millatlararo hamjihatlik tamoyillariga asoslangan siyosat yuritayotgan bo‘lsa-da, tashqi mafkuraviy ta’sirlar orqali ayrim fuqarolarni radikal yo‘lga boshlashga urinishlar mavjud. Internet tarmoqlari, ijtimoiy platformalar va yashirin targ‘ibot vositalari orqali yoshlarni aldash, noto‘g‘ri diniy qarashlarni singdirish holatlari kuzatilmoqda.
Shu sababli, diniy ekstremizmga qarshi kurashishda faqat kuch ishlatish emas, balki ma’rifat, ta’lim va tarbiya asosiy vosita bo‘lishi lozim. Aholining, ayniqsa, yoshlarning diniy savodxonligini oshirish, islomning asl mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish, tanqidiy fikrlashni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
NORASMIY JAMOALAR VA ULARNING XATARLARI
Bugungi kunda ayrim norasmiy diniy jamoalar «iymon» va «ma’rifat» niqobi ostida faoliyat yuritib, an’anaviy islom ta’limotiga zid g‘oyalarni yoymoqda. Ularning maqsadi nafaqat diniy e’tiqodni noto‘g‘ri talqin qilish, balki jamiyat barqarorligini buzish, yoshlarda ekstremistik qarashlarni singdirish va siyosiy hokimiyatni egallashga urinishdir. Ushbu oqimlarning aksariyati diniy-siyosiy maqsadlarni ko‘zlaydi yoki aqidaviy jihatdan hanafiy mazhabiga mutlaqo zid g‘oyalarni targ‘ib qiladi.
Akromiylar
Ushbu oqim 1992-yilda Akrom Yo‘ldoshev (1963–2009) tomonidan Andijon shahrida tashkil etilgan. Yo‘ldoshev o‘z diniy qarashlarini bayon qilgan «Iymonga yo‘l» nomli kitobini Hizbut-tahrir ta’sirida yozgan. Akromiylar harakati siyosiy hokimiyatni egallashning besh bosqichli strategiyasiga asoslangan: sirli, moddiy, ma’naviy, uzviy maydon va to‘ntarish. 2005-yil may oyida Andijonda sodir bo‘lgan terrorchilik harakati aynan ushbu oqim tomonidan konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish maqsadida amalga oshirilgan. Bugungi kunda Akromiylarning tarafdorlari G‘arbda «Andijon – adolat va tiklanish» kabi tashkilotlar shaklida faoliyatini davom ettirmoqda.
Nurchilar
Turkiyalik mutafakkir Said Nursiy (1876–1960) qarashlariga asoslangan nurchilar 1992-yildan O‘zbekistonga kirib kelgan. Ularning strategiyasi uzoq muddatga mo‘ljallangan bo‘lib, ta’lim muassasalari orqali yoshlarga mutaassib g‘oyalarni singdirish va kelajakda davlat boshqaruvida o‘z odamlarini joylashtirishni ko‘zlagan. O‘zbekistonda nurchilar tomonidan ochilgan 128 ta litseyning asl maqsadlari fosh bo‘lgach, 1999-yilda yopib qo‘yilgan. Ushbu jamoa yoshlarni ijtimoiy va ma’naviy jihatdan o‘zgartirishga urinib, ekstremistik qarashlarni targ‘ib qilgan.
Ma’rifatchilar
1990-yillarning o‘rtalarida Bahodir Mamajonov (1950 y.t.) tomonidan Farg‘ona viloyati Toshloq tumanida tashkil etilgan. Ma’rifatchilar «Rost-Qur’on» nomli kitob orqali «Usmon (r.a.) davrida Qur’on noto‘g‘ri tartiblangan» degan asossiz da’voni ilgari suradi. Ular hadislarni butunlay inkor qiladi, namoz va ibodatlarni faqat o‘zbek tilida bajarishni shart deb biladi hamda «ota-bobolarimiz mushrik edilar» degan asossiz da’volarni tarqatadi. Bu guruh yoshlarni an’anaviy islomdan uzoqlashtirib, ekstremistik qarashlarga yo‘naltiradi.
Shohidiylar
1990-yillarning boshida andijonlik Karimov Xabib (1944 y.t.) tomonidan tashkil etilgan Shohidiylar «Qur’ondan ma’ruf» kitobiga tayanib, hadislar va Qur’on tafsirlarini inkor etadi. Ular islomiy marosimlarni, jumladan janozani rad etadi va spirtli ichimliklarni «mast qilmaydigan» miqdorda iste’mol qilishni halol sanash kabi shariatga zid fatvolar beradi. Shohidiylar faoliyati yoshlarni diniy-siyosiy noto‘g‘ri qarashlarga chorlaydi va jamiyat barqarorligiga tahdid soladi.
Baxshillochilar
1997-yilda buxorolik Aliyev Baxshillo tomonidan asos solingan destruktiv jamoa hisoblanadi. Aliyev o‘zini avval «Mahdiy», so‘ngra «Payg‘ambar» deb e’lon qilib, izdoshlariga qiyomatda savol-javob bo‘lmasligini va’da qilgan. Jamoa a’zolari rahbarni ziyorat qilishni «Haj amali»ga tenglashtirgan va daromadlarining asosiy qismini unga «baytulmol» sifatida topshirgan. 2006-yilda Aliyev Rossiyaga ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, uning izdoshlari hozir ham Buxoro va Kogon shaharlarida istiqomat qiladi.
Ushbu norasmiy jamoalarning faoliyatida ishtirok etish yoki ularning g‘oyalari asosida ta’lim olish O‘zbekiston Respublikasining «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunini buzish hisoblanadi va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ularning g‘oyalari yoshlarni jamiyatdan ajratib, radikalizm va ekstremizmga chorlaydi, milliy barqarorlik va tinchlikka jiddiy tahdid soladi. Shu sababli, yoshlar ongini mustahkamlash, diniy bilimlarni to‘g‘ri tushuntirish, an’anaviy islom qadriyatlarini targ‘ib qilish va tasavvufiy merosni yoshlar orasida keng yoyish ekstremizmga qarshi eng samarali vositalardan biridir.
ISLOM – TINCHLIK VA BAG‘RIKENGLIK DINI
Islom dinining asl mohiyati bag‘rikenglik, insonparvarlik va tinchlik tamoyillari asosiga qurilgan bo‘lib, u «Samaahatul islom» – ya’ni kengfe’llik, mehribonlik va murosaga tayyorlik g‘oyasini targ‘ib etadi. Ushbu ta’limot insonni kamsitish, zo‘ravonlik va zulmdan qaytarib, adolat, rahm-shafqat va hurmat ruhida yashashga chorlaydi.
Arab tilidagi «silm», «salom» va «islom» so‘zlari bir o‘zakdan kelib chiqqan bo‘lib, ularning barchasi tinchlik, omonlik va xotirjamlik ma’nolarini anglatadi. Bu esa islom dinining zo‘ravonlik emas, balki tinch-totuvlik dini ekanini yaqqol namoyon etadi. Islom ta’limoti faqat musulmonlarga emas, balki barcha insonlarga nisbatan adolatli, muruvvatli va mehribon bo‘lishni buyuradi. Bu yuksak qadriyatlar Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) hayotlari va faoliyatida yorqin namoyon bo‘lgan. U zotning har bir amali va so‘zlari insoniyat uchun bag‘rikenglik maktabi vazifasini o‘tagan.
Islom tarixida bunga ko‘plab yorqin misollar mavjud. Jumladan, hijriy 9-yil (milodiy 630–631-yillar)da Najron nasroniylari delegatsiyasining Madina shahriga kelishi alohida ahamiyatga ega. Ushbu davr «Omul vufud» – «Elchilar yili» nomi bilan mashhur bo‘lgan. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Najron elchilariga Masjidun Nabaviy ichida o‘z diniy ibodatlarini ado etishlariga ruxsat berganlar. Bu holat islom tarixidagi diniy bag‘rikenglikning eng yuksak namunalaridan biridir. Shuningdek, Najron yepiskopi Abulhorisga yo‘llangan maktublarda nasroniylarning cherkovlari, diniy marosimlari va huquqlari davlat himoyasida bo‘lishi kafolatlangan.
Milodiy 628-yilda tuzilgan Hudaybiya sulhi ham tinchlikparvarlik siyosatining yorqin ifodasidir. Garchi bu bitim musulmonlar uchun ayrim jihatlarda og‘ir bo‘lsa-da, Rasululloh (s.a.v.) qon to‘kilishining oldini olish va barqarorlikni ta’minlash maqsadida unga rozilik bildirganlar. Bu voqea Qur’oni karimdagi «Agar ular tinchlikka moyil bo‘lsalar, siz ham unga moyil bo‘ling» tamoyilining amaliy ifodasidir.
Saqif qabilasi bilan bog‘liq voqea ham islomning rahm-shafqatga asoslangan mohiyatini ko‘rsatadi. Sahobalar ushbu qabila uchun duoibad so‘raganlarida, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ularni la’natlash o‘rniga: «Allohim, Saqifni hidoyat qilgin», deb duo qilganlar. Natijada, keyinchalik bu qabiladan ko‘plab ilmli va taqvodor insonlar yetishib chiqdi.
Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning insoniylikni ulug‘lashga oid amallari ham alohida e’tiborga loyiqdir. U zot oldilaridan yahudiy kishining janozasi olib o‘tilayotganda hurmat yuzasidan o‘rinlaridan turdilar. Sahobalar hayron bo‘lib sababini so‘raganlarida, «U ham inson emasmi?!» deya javob berganlar. Bu holat inson qadr-qimmatining dinidan qat’i nazar hurmat qilinishi kerakligini anglatadi.
Islomdagi bag‘rikenglik tamoyillari Qur’oni karim oyatlari bilan ham mustahkamlangan. Jumladan, «Dinda majburlash yo‘q» (Baqara surasi, 256-oyat) oyati har bir insonning e’tiqod erkinligini kafolatlaydi. «Bir jonni nohaq o‘ldirish – butun insoniyatni o‘ldirish bilan barobar» (Moida surasi, 32-oyat) oyati esa inson hayotining eng oliy ne’mat ekanini ta’kidlaydi.
Mazkur insonparvarlik qadriyatlari zamonaviy davrda ham xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Xususan, 1995-yil 16-noyabrda UNESCO tomonidan «Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi» qabul qilinib, dunyoda tinchlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlashga qaratilgan muhim hujjat sifatida tan olindi.
Shuningdek, 2018-yil 12-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» nomli maxsus rezolyutsiyani qabul qildi. Ushbu hujjat islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri anglash, ekstremizmga qarshi ma’rifat orqali kurashish va dinlararo muloqotni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Islom dini bag‘rikenglik, tinchlik va insonparvarlikka asoslangan mukammal ta’limotdir. Uning tarixiy va Qur’oniy asoslari zo‘ravonlikni qat’iyan rad etadi. Ushbu qadriyatlarni yosh avlod ongiga singdirish, islomning asl mohiyatini to‘g‘ri tushuntirish terrorizm va mutaassiblikka qarshi eng kuchli ma’naviy qalqon bo‘lib xizmat qiladi.
TASAVVUF VA TARIXIY MEROS: JAHOLATGA QARSHI MA’NAVIY QALQON
Tasavvuf – insonning ruhiy kamoloti, nafsini poklashi, axloqiy yetuklikka erishishi va ichki xotirjamlikni topishga qaratilgan yuksak ma’naviy ta’limotdir. U insonni sabr-toqat, kamtarlik, halollik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydi. Tasavvufning asosiy maqsadi shaxsni ma’naviy jihatdan yetuk qilib voyaga yetkazish, uni jamiyatda foydali, ongli va mas’uliyatli inson sifatida shakllantirishdan iboratdir.
Ekstremistik guruhlar yoshlarni jamiyatdan ajratish, ularni oiladan, vatandan va milliy qadriyatlardan begonalashtirish orqali buzg‘unchi maqsadlarga yo‘naltirishga urinadi. Aksincha, tasavvuf insonni ma’naviy uyg‘oqlikka, jamiyat bilan hamnafas yashashga va xalq manfaatiga xizmat qilishga chorlaydi. Shu bois tasavvuf radikalizmning eng xavfli ildizlari – jaholat, nafrat va murosasizlikka qarshi samarali vosita hisoblanadi.
Tasavvufda muhim o‘rin tutuvchi tushunchalardan biri – «Al-jihodul akbar», ya’ni katta jihod g‘oyasidir. Bu ta’limotga ko‘ra, haqiqiy jihod qurol ko‘tarib qon to‘kish emas, balki insonning o‘z nafsi, kibri, hasadi va yomon xulqlari ustidan g‘alaba qozonishidir. Hadisi shariflarda ham «Jihodning eng afzali – insonning o‘z havoyi nafsiga qarshi kurashishidir», deb ta’kidlanadi. Ekstremistik oqimlar «qilich jihodi»ni birinchi o‘ringa qo‘ysa, tasavvuf insonning ichki dunyosini isloh qilishni eng oliy vazifa deb biladi.
Nafs tarbiyasi va qalb pokligi tasavvufning yana bir muhim tamoyilidir. Ushbu ta’limot tashqi ko‘rinish va shaklparastlikdan ko‘ra, qalbning sofligiga ustuvor ahamiyat beradi. Inson o‘zini anglash, xudbinlikdan voz kechish, boshqalarga mehribon va marhamatli bo‘lish orqali komillikka erishadi. Bu esa yoshlarni g‘oyaviy manqurtlikdan, soxta da’vatlardan va mutaassib qarashlardan himoya qiladi.
Tasavvuf ijtimoiy faollik va an’anaviylikni ham targ‘ib etadi. U tarkidunyochilikni emas, balki faol hayotni qo‘llab-quvvatlaydi. Ayniqsa, naqshbandiylik tariqatining «Dast ba kor, dil ba Yor» – Qo‘ling ishda, diling Allohda bo‘lsin, degan shiori insonni halol mehnat qilishga, jamiyatga foyda keltirishga chorlaydi. Bu yondashuv yoshlarni ekstremistik guruhlarning «hijrat», ya’ni jamiyatdan ajralish haqidagi soxta da’volaridan asraydi.
Tasavvuf, shuningdek, Ahli sunna val jamoa an’analariga sodiqlikni mustahkamlaydi. Asrlar davomida shakllangan hanafiy mazhabi va an’anaviy islom aqidalarini saqlab qolish orqali turli «mazhabsizlik», bid’at va radikal oqimlarning fitnalariga to‘siq bo‘lib keladi. Bu borada buyuk ajdodlarimiz – Bahouddin Naqshband, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubroning boy ma’naviy merosi yoshlarda yot g‘oyalarga nisbatan mustahkam immunitet hosil qiladi.
Mustaqillik yillarida tasavvufiy merosni chuqur o‘rganish, uni yosh avlodga to‘g‘ri yetkazish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, 2017-yil noyabr oyida Buxoro shahrida joylashgan Mir Arab madrasasi huzurida Bahouddin Naqshband Tasavvuf ilmiy maktabining tashkil etilishi bu boradagi muhim qadam bo‘ldi. Mazkur ilmiy maskan tasavvuf ilmini tizimli o‘rganish, mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, 2025-yil 21-aprelda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning farmoni bilan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining tashkil etilishi ushbu sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu markaz faoliyatining asosiy maqsadi Naqshbandiylik tariqati va uning buyuk namoyandalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, soxta tariqatchilik va noto‘g‘ri talqinlarga qarshi kurashishdan iboratdir. Bundan tashqari, markaz tomonidan tasavvufga oid qadimiy qo‘lyozmalarni izlab topish, ularni tadqiq etish va ilmiy muomalaga kiritish, xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish kabi muhim vazifalar ham amalga oshirilmoqda. Bu ishlar milliy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash va kelajak avlodga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tasavvufning insonparvarlik mohiyati, ayniqsa, bugungi globallashuv davrida alohida dolzarbdir. Chunki u insonni zo‘ravonlik, murosasizlik va mutaassiblikdan yiroq tutib, tinchlik, bag‘rikenglik va mehr-oqibatga chorlaydi. Tasavvufiy ta’limot asosida tarbiyalangan yoshlar hayotga ongli, tanqidiy va mas’uliyat bilan yondashadi, radikal va ekstremistik g‘oyalarga berilmaydi.
Shu bois tasavvuf va tariqiy meros bugungi kunda jaholatga qarshi kuchli ma’naviy qalqon vazifasini bajaradi. U yoshlar qalbida sog‘lom e’tiqod, mustahkam ma’naviyat va vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirib, jamiyatda barqarorlik va totuvlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, tasavvufiy merosni chuqur o‘rganish va targ‘ib etish O‘zbekistonning ma’naviy taraqqiyotida muhim strategik omil bo‘lib qolmoqda.
«JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT» – YANGI O‘ZBEKISTON STRATEGIYASI
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot yo‘lida ma’naviy-ma’rifiy siyosat ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilandi. Bu borada Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi muhim ahamiyat kasb etadi. 2017-yil 19-sentabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida davlat rahbari ushbu tashabbus bilan chiqib, ekstremizm va zo‘ravonlikka qarshi kurashishda kuch ishlatish emas, balki ilm, tarbiya va ma’rifatga tayanish zarurligini ta’kidladi.
Mazkur tashabbus doirasida jamiyatda adolat, bag‘rikenglik va insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan muhim amaliy ishlar amalga oshirildi. Jumladan, 18 mingdan ortiq fuqaro «maxsus hisoblar»dan chiqarilib, ularning sog‘lom hayotga qaytishi, jamiyatga moslashuvi va mehnat faoliyatiga jalb etilishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Bu esa inson taqdiriga befarq bo‘lmaslik, adashganlarni jamiyatdan chetlatmasdan, aksincha, ularni qo‘llab-quvvatlash siyosatining yaqqol namunasiga aylandi.
Shuningdek, 2018-yil 12-dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» nomli maxsus rezolyutsiyaning qabul qilinishi O‘zbekiston tashabbusining xalqaro miqyosda e’tirof etilganini ko‘rsatdi. Ushbu hujjat turli din va madaniyat vakillari o‘rtasida o‘zaro hurmat, tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, 2018-yil 30-iyulda «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi mamlakatda huquqiy asoslarni yanada mustahkamlab, terrorizm va radikalizmga qarshi kurashda tizimli yondashuvni ta’minladi.
Xulosa qilib aytganda, «Jaholatga qarshi ma’rifat» strategiyasi Yangi O‘zbekistonning tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotga asoslangan yo‘lini belgilab beruvchi muhim konsepsiyadir. Ushbu g‘oya yoshlarni ilmli, ongli va vatanparvar etib tarbiyalash, jamiyatda mafkuraviy immunitetni kuchaytirish hamda ekstremistik qarashlarga qarshi mustahkam ma’naviy qalqon yaratishga xizmat qiladi.
MA’NAVIY IMMUNITETNI MUSTAHKAMLASHNING HUQUQIY ASOSLARI
Ma’naviy immunitetni shakllantirish va mustahkamlash har bir jamiyat barqarorligining muhim omillaridan biri hisoblanadi. Bu borada O‘zbekistonda mustahkam huquqiy asoslar yaratilgan bo‘lib, ular fuqarolarning vijdon erkinligi, diniy e’tiqod huquqi va bag‘rikenglik tamoyillarini kafolatlaydi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir shaxsning vijdon erkinligi ta’minlanishi, diniy e’tiqodni erkin tanlash yoki tanlamaslik huquqi kafolatlanishi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, hech kimga diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy mustahkamlangan. Bu norma jamiyatda adolat, tenglik va o‘zaro hurmat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mamlakatimizda bugungi kunda 16 ta konfessiyaga mansub 2240 dan ortiq diniy tashkilotning emin-erkin faoliyat yuritayotgani diniy bag‘rikenglik siyosatining amaliy natijasidir. Turli millat va din vakillarining tinch-totuv yashashi O‘zbekistonning muhim yutug‘i bo‘lib, bu holat jamiyatda o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlaydi.
2017–2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida ham millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Ushbu strategiya asosida diniy sohada ochiqlikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, yoshlarni sog‘lom dunyoqarash ruhida tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.
2021–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi mamlakatda ma’naviy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash hamda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishda yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu strategiya tashabbuskori bo‘lgan Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlat siyosatida inson manfaatlari, ma’rifat va xavfsizlik uyg‘unligi ustuvor tamoyil sifatida belgilandi. Mazkur davrda amalga oshirilayotgan islohotlar yoshlar ongida mafkuraviy immunitetni shakllantirish, jamiyatda barqarorlikni ta’minlash va diniy ekstremizmning oldini olishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar majmuasini tashkil etadi.
2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining oltinchi ustuvor yo‘nalishida milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda global muammolarga yechim topish vazifasi belgilandi. Xususan, 84-maqsad sifatida «Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish» asosiy vazifa qilib qo‘yildi. Bu jarayonda 2021-yil 5-iyulda qabul qilingan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjat diniy erkinlikni ta’minlash bilan birga, noqonuniy diniy faoliyatning oldini olishga ham xizmat qilmoqda.
2021–2026-yillarda «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasi davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Ushbu konsepsiya islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini ochib berish, noto‘g‘ri talqinlarga qarshi ilmiy asosda kurashish imkonini yaratdi.
Bu yo‘nalishda:
Imom Buxoriy,
Imom Termiziy,
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari,
Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
tomonidan yoshlarning ongu tafakkurini shakllantirish, diniy bilimlarni ilmiy asosda yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar olib borildi. Shuningdek, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida tashkil etilgan Hadis, Aqida, Tasavvuf, Kalom va Islom huquqi maktablari malakali mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘rin tutmoqda.
2021–2026-yillarda insonparvarlik siyosati doirasida yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni jamiyatga qaytarish masalasi alohida e’tiborda bo‘ldi. Ayniqsa Suriya, Iroq va Afg‘oniston hududlaridan ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha «Mehr-3», «Mehr-4», «Mehr-5» operatsiyalari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Qaytgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha hududiy dasturlar joriy qilindi. Bolalarning ta’limga qayta jalb etilishi ustuvor vazifa sifatida belgilandi. Bu chora-tadbirlar jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash va radikallashuvning oldini olishda muhim rol o‘ynadi.
2021–2026-yillar davomida yoshlarni axborot xurujlari va ekstremistik targ‘ibotdan himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Jumladan:
Ta’lim tizimida ekstremizmga qarshi kurashga oid fanlar va mavzular kengaytirildi, o‘quv dasturlari zamon talablari asosida yangilandi.
Mahallalar, oliy va o‘rta ta’lim muassasalarida «Jaholatga qarshi ma’rifat» mavzusida minglab uchrashuvlar, seminarlar va davra suhbatlari tashkil etildi.
Internet va ijtimoiy tarmoqlarda ma’rifiy kontentni ko‘paytirish, radikal g‘oyalarning asl mohiyatini fosh etuvchi materiallar tarqatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. «Ziyo» media markazi va boshqa platformalar bu borada muhim rol o‘ynadi. Natijada yoshlarning tanqidiy fikrlash qobiliyati oshib, ularning mafkuraviy barqarorligi mustahkamlandi.
2021–2026-yillarda O‘zbekiston xalqaro miqyosda ham ekstremizmga qarshi kurashda faol ishtirok etdi. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilingan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» rezolyutsiyasi amaliyotga joriy etildi. Shuningdek, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi orqali kiberterrorizm, transmilliy jinoyatchilik va radikalizmga qarshi xalqaro hamkorlik kuchaytirildi. Bu hamkorlik O‘zbekistonning global xavfsizlik tizimidagi nufuzini yanada mustahkamladi.
2021–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilgan islohotlar ma’naviy-ma’rifiy sohani tubdan rivojlantirish, yoshlarni radikalizm ta’siridan himoyalash va jamiyatda barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
«Jaholatga qarshi ma’rifat» tamoyili asosida olib borilayotgan siyosat natijasida diniy savodxonlik oshib, fuqarolarning huquqiy ong va mas’uliyati mustahkamlanmoqda. Ushbu yondashuv Yangi O‘zbekistonni tinchlik, bag‘rikenglik va ma’rifat yo‘lidan dadil ilgarilashiga mustahkam zamin yaratmoqda.
MA’NAVIY QALQONNI MUSTAHKAMLASH
Bugungi kunda diniy-ma’rifiy bilimlarni oshirish va ajdodlarimizdan qolgan tasavvufiy merosni asrash eng muhim vazifalardan biridir. Chunki ma’naviy yetuk, mustaqil fikrlaydigan va milliy qadriyatlarga sadoqatli inson har qanday yot g‘oyalarga qarshi tura oladi. Har qanday ekstremistik oqim birinchi navbatda an’anaviy islomga, milliy o‘zlikka va asriy qadriyatlarga hujum qilishi bilan xavf soladi. Shu sababli, ma’naviy qalqonni shakllantirish yoshlar va butun jamiyatning barqarorligini ta’minlashda strategik ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 19-sentabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida «Jaholatga qarshi ma’rifat» g‘oyasini ilgari surdi. Bu tashabbusning mantiqiy davomida 2018-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» maxsus rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu tashabbuslar global miqyosda diniy bag‘rikenglik va ma’rifatni targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.
O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashning qonuniy asoslari mustahkamlandi. Xususan, 2018-yil 30-iyulda «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Shuningdek, mamlakatda islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi hamda 2018-yil 16-apreldagi Farmon bilan tashkil etilgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati ma’naviy immunitetni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Davlatimizning oqilona siyosati natijasida yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan 18 mingdan ziyod fuqaro «maxsus hisoblar»dan chiqarildi va sog‘lom hayotga qaytarildi. Shuningdek, qurolli mojarolar hududidan ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha bir necha bor muvaffaqiyatli «Mehr» operatsiyalari o‘tkazildi. Bu ishlar jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash va ma’naviy uyg‘oqlikni oshirishga xizmat qilmoqda.
«Vatanni sevish – iymondandir» hikmati xalqimiz uchun shunchaki shior emas, balki hayotiy tamoyildir. O‘z yurtining tinchligini asramagan, milliy mentalitetimizning poydevori bo‘lgan mehmondo‘stlik va bag‘rikenglikni qadrlamagan kishi haqiqiy e’tiqoddan yiroq hisoblanadi. Shu sababli, vatanparvarlik va diniy e’tiqod bir-birini to‘ldiruvchi tamoyil sifatida yoshlar ongida shakllantirilishi lozim.
Bugungi axborot xurujlari davrida internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish har bir fuqaroning muhim burchidir. Yoshlar ongi, vijdon va tafakkuri himoyalangan holda, ekstremistik oqimlarning ta’siridan samarali himoya qilinadi.
Ma’rifiy islom – jaholatga qarshi eng buyuk kuchdir. Bizning vazifamiz – yosh avlodni boy ilmiy-tarixiy merosimiz ruhida tarbiyalash, ularning ongu tafakkurini ma’rifat bilan boyitish va muqaddas dinimizni zo‘ravonlik bilan bir qatorga qo‘yadigan yovuz kuchlardan himoya qilishdir. Tinchlik va barqarorlikni saqlash – barchamizning muqaddas burchimizdir.
XULOSA
Islom dinining asl mohiyati zo‘ravonlik va adovatni emas, balki tinchlik, adolat va mehr-oqibatni targ‘ib qiladi. Shu bois diniy bilimlarni to‘g‘ri o‘rganish, ularni ilmiy va ma’rifiy asosda talqin qilish ekstremistik qarashlarning oldini olishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi. Huquqiy kafolatlar, davlat siyosati va diniy qadriyatlarning uyg‘unligi jamiyatda mustahkam ma’naviy muhitni shakllantiradi. Bunday muhitda voyaga yetayotgan yoshlar turli yot g‘oyalarga berilmaydi, o‘z milliy va diniy qadriyatlariga sodiq bo‘lib ulg‘ayadi. Natijada jamiyatda barqarorlik, tinchlik va taraqqiyot ta’minlanadi.
«Jaholatga qarshi ma’rifat» shiori ostida tasavvufiy va diniy merosimizni chuqur o‘rganish, uni zamonaviy ruhda targ‘ib etish yoshlarni yot va buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrovchi kuchli ma’naviy qalqon hisoblanadi. Milliy o‘zlikni anglash, islomiy va umuminsoniy qadriyatlarni e’zozlash, qonunlarga hurmat bilan qarash har bir vatandoshning muqaddas burchidir.
Ana shunday mustahkam huquqiy va ma’naviy poydevorga tayangan jamiyatgina terrorizm, ekstremizm va mafkuraviy tahdidlarga qarshi bardoshli bo‘la oladi hamda yorug‘ kelajak sari dadil qadam tashlaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
I. O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari va Prezident asarlari
1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: O‘zbekiston, 2023.
2. Mirziyoyev Sh.M. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi. To‘ldirilgan ikkinchi nashri. – Toshkent: «O‘zbekiston» nashriyoti, 2022. – 416 b.
3. «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni. 2018-yil 30-iyul.
4. «Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni. 2000-yil 15-dekabr.
5. «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni (yangi tahriri). 2021-yil 5-iyul.
6. Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. – Toshkent: Ma’naviyat, 2008.
II. Asosiy adabiyotlar (Darslik va o‘quv qo‘llanmalar)
7. Raupova R.S. Din niqobidagi tahdidlarga qarshi immunitetni shakllantirish asoslari: o‘quv qo‘llanma. – Toshkent: «Lesson Press», 2023. – 156 b.
8. Shermuxamedov K.A., Karimov J.A. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari: o‘quv qo‘llanma. – Toshkent: «O‘zbekiston faylasuflari milliy jamiyati» nashriyoti, 2018. – 176 b.
9. Tulepov A. Islom va aqidaparast oqimlar. – Toshkent: Sharq, 2014. – 536 b.
10. Hasanboyev O‘. O‘zbekistonda davlat va din munosabatlari: diniy tashkilotlar, oqimlar, mafkuraviy kurashning dolzarb yo‘nalishlari. – Toshkent: «Toshkent islom universiteti», 2014.
11. Xoliyarov T.Ch. Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning ma’naviy-ma’rifiy asoslari: o‘quv-uslubiy majmua. – Termiz: TDMAU, 2024. – 120 b.
III. Qo‘shimcha adabiyotlar va to‘plamlar
12. Ochildiyev A., Najmiddinov J. Missionerlik: mohiyat, maqsadlar, oqibatlar va oldini olish yo‘llari (yuz savolga yuz javob). – Toshkent: TIU, 2013.
13. Diniy bag‘rikenglik va mutaassiblik (yuz savolga-yuz javob). Mas’ul muharrir O. Yusupov. – Toshkent: TIU, 2017.
14. Islom niqobi ostidagi ekstremistik va terrorchi uyushmalar (Ma’lumotlar to‘plami). Mas’ul muharrir O. Yusupov. – Toshkent: TIU, 2017.
15. Jo‘rayev Sh. Buzg‘unchi da’vatchilar. – Toshkent: TIU, 2010.
16. Qur’oni Karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Abdulaziz Mansur. – Toshkent: TIU, 2012.
IV. Elektron axborot manbalari
17. www.lex.uz – O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi.
18. www.muslim.uz – O‘zbekiston musulmonlari idorasi portali.
19. www.religions.uz – Din ishlari bo‘yicha qo‘mita rasmiy sayti.
20. www.iiau.uz – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi sayti


